Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Raqobat qo‘mitasi tomonidan mamlakatimizda tadbirkorlik va investitsiya imkoniyatlari mavjud bo‘lgan tovar bozorlari yuzasidan tayyorlangan tahliliy ma’lumotlar to‘plamini taqdim etadi.
Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi 2025-yil va 2026-yilning dastlabki oylarida amalga oshirilgan tahlillar natijasida: 🟡2025-yil va 2026-yil yanvar-aprel oylarida jami 94 turdagi tovar bozorlarida mahalliy mahsulotlar ulushi belgilangan ko‘rsatkichdan past ekanligi aniqlandi; 🟡2026-yil yanvar–fevral oylarida raqobat muhiti yetarli darajada shakllanmagan hamda ichki bozor to‘yinmagan 20 turdagi mahsulotlar bo‘yicha qo‘shimcha tahlillar amalga oshirildi; 🟡Erkin iqtisodiy zonalar murojaatlari asosida 105 ta tovar bozori o‘rganilib, 55 ta tovar bozorida to‘yinganlik darajasi past ekanligi yuzasidan xulosalar berildi.
Markaz tomonidan tovar bozorlarining to‘yinganlik darajasi bilan bir qatorda, narxlar dinamikasi, qisqa muddatli prognozlar, biznes faolligi indeksi va hududiy raqobatbardoshlik indeksi kabi tahliliy instrumentlar ham ishlab chiqilmoqda.
Bu esa tadbirkorlar va investorlar uchun ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarni aniqlash, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, hududlar kesimida investitsiya salohiyatini baholash va bozorga kirish bo‘yicha qarorlarni ishonchli ma’lumotlar asosida qabul qilish imkonini yaratadi.
📎 Tahlil natijalari Qo‘mita va Tadqiqotlar markazining rasmiy veb-saytlari hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali muntazam e’lon qilib borilmoqda.
Batafsil: https://raqobat.gov.uz/uz/toyinganlik/
Shu bilan birgalikda, qo‘shimcha mahsulotlar bo‘yicha tahlil o‘tkazish va ular to‘g‘risida ma’lumotlarni olishni istasangiz Raqobat qo‘mitasiga murojaat qilishingiz mumkinligini ma’lum qilamiz.








