Tarixiy shaxslar obrazlaridan foydalanib, dori reklamasida axloq va ma’naviyat normalarini buzgan «NIKA PHARM» MCHJga moliyaviy jarima qo‘llanildi
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar orqali axloq va ma’naviyatning umume’tirof etilgan normalariga muvofiq bo‘lmagan reklama-axborotlarini joylashtirish (tarqatish) holatlari mavjudligi qayd etilmoqda, bu esa reklamadan foydalanuvchilarning (aholining) keskin muhokamalariga sabab bo‘lmoqda (tanqidiy ruhdagi izohlar oshib bormoqda).
Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda “NIKA PHARM” MCHJ tomonidan “Rinoksil Formula+” dori vositasi reklamasida buyuk sarkarda Amir Temur, taniqli davlat arbobi va notiq Djordj Vashington, buyuk olim va tabib Avitsenna (Ibn Sino), buyuk qo‘mondon Yuliy Sezar, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy, davlat arbobi, sarkarda Napaleon Bonopart kabi tarixiy shaxslarning obrazlaridan foydalanib, «ushbu dori vositasini ular tomonidan ishlatilganda» deya, turli holatlarda namoyish etilgan.
Ma’lumki, tarixda ulkan meros qoldirgan buyuk shaxslar xotirasiga hurmat-ehtirom xalqimizning mehr-muhabbatini ifodalaydi, biroq ushbu dori vositasini bunday ko‘rinishda reklama qilinishi taniqli tarixiy shaxslarga, shu jumladan buyuk ajdodlarimizga nisbatan hurmatsizlik, axloq va ma’naviyatimizga zid bo‘lgan tarzda ularning obrazlaridan foydalanilgan.
Misol uchun, xalqimizda Amir Temur adolat, kuch va haqiqat yetakchisi, Alisher Navoiy she’riyat mulkining sultoni sifatida e’tirof etilsa, Yuliy Sezar qadimgi Rim siyosiy arbobi, harbiy sarkarda va yozuvchi sanaladi.
O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 16-moddasida reklamada milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo‘lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish taqiqlanishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Yuqoridagi aniqlangan holatlarga muvofiq, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “NIKA PHARM” MCHJga nisbatan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 16-moddasi talablari buzilishi yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunida belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.








