Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy organlariga moliyaviy xizmatlar va savdo sohalarida fuqarolardan tushayotgan murojaatlar ijobiy yechim topmoqda.
Hududlar kesimida misollar
📍 Andijon viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan Andijon shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro M.A. tomonidan “Yandeks GO” ilovasi orqali mahsulot buyurtma qilgan va mahsulot o‘z vaqtida kelmagani sababli shartnomani bekor qilgan. ammo buyurtma uchun 164 000 so‘m miqdorida to‘lov yechib olinib, iste’molchiga qaytarilmagani yuzasidan shikoyat qilgan.
O‘rganishlar natijasida iste’molchiga 164 000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘i qaytarilib berilishi ta’minlandi va murojaat ijobiy hal etildi.
📍 Navoiy viloyati
Hududiy boshqarma Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro B.M. avtosalondan ONIX avtomashinasini avtokredit asosida xarid qiladi va kredit to‘lovini sug‘urtalash bo‘yicha “MY-INSURANCE” sug‘urta tashkiloti bilan shartnoma imzolab, belgilangan to‘lovni amalga oshiradi.
Fuqaro kredit to‘lovlarini muddatidan oldin to‘lab bo‘lgan, ammo unga sug‘urta to‘lovini foydalanilmagan qismi qaytarib berilmagan.
O‘rganish natijasida sug‘urtalangan avtokreditning foydalanilmagan qismi uchun to‘lov miqdori 1 mln 600 ming so‘mligi aniqlanib, “MY-INSURANCE” sug‘urta tashkiloti tomonidan fuqaro B.M.ga to‘liq shaklda qaytarib berilishi ta’minlandi.
📍 Namangan viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan Norin tumanida yashovchi fuqaro telekanallarda reklama qilinayotgan “Actimed” kompaniyasidan biologik faol qo‘shimchasi (BFQ) mahsulotlarini buyurtma asosida sotib olgani, biroq mahsulotni iste’mol qilganidan so‘ng natija bo‘lmaganini bildirgan va mahsulot uchun to‘lagan mablag‘larini qaytarib berilmayotgani yuzasidan qilgan murojaati o‘rganib chiqildi.
Olib borilgan tushuntirish natijasida “Actimed” kompaniyasi fuqaroga 1 000 000 so‘m mablag‘i qaytarib berilishi ta’minlandi.
📍 Qashqadaryo viloyati
Hududiy boshqarmaga Koson tumanida o‘zini o‘zi band qilgan fuqaro Sh.A. tomonidan Koson tuman energosavdo bo‘limining faoliyatidan norozi bo‘lib murojaat yo‘lladi.
Mutaxassislar tomonidan olib borilgan o‘rganish ishlari davomida “HET billing” elektron dasturining texnik xatosi sababli elektron tizimga elektr energiyasi iste’mol ko‘rsatkichlari noto‘g‘ri shakllangani bois fuqaroga nisbatan asossiz qarzdorlik chiqarilganligi ma’lum bo‘ldi.
Natijada fuqaro Sh.A. nomiga chiqarilgan 7 mln 800 ming so‘m asossiz qarzdorlik qayta ko‘rib chiqilib, Koson tuman energosavdo bo‘limi tomonidan ixtiyoriy bartaraf etilishi ta’minlandi.
📍 Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Raqobat qo‘mitasiga Xo‘jayli tumanida istiqomat qiluvchi A.D.ning yo‘llagan murojaatida “Uzum Market” do‘konidan shartnoma asosida 4 dona «IPhone 13» markali xarid qilgan telefoni eski ekanligidan noroziligini bildirib, to‘lagan pulini qaytarib olishda amaliy yordam berishni so‘ragan.
Murojaatda keltirilgan masala yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilishi natijasida “Uzum Market” do‘koni tomonidan telefonlar qaytarib olinib, unga to‘langan 27 mln 600 ming so‘mga yaqin mablag‘ iste’molchiga qaytarilishi ta’minlandi.
📍 Samarqand viloyati
Hududiy boshqarmaga fuqaro Sh.T.ning konsalting xizmat ko‘rsatuvchi korxona xizmatlaridan norozi bo‘lib yuborgan murojaati o‘rganib chiqildi. Unda fuqaro bilan mazkur korxona o‘rtasida xorijiy mamlakatga ishchi viza olishda yuzaga kelgan muammo hal etilmayotgani ma’lum qilingan. O‘rganishlarda fuqaro hujjatlari korxona tomonidan o‘z vaqtida rasmiylashtirilib topshirmagani oqibatida fuqaro chet davlatga ketolmagani aniqlandi.
Natijada korxona tomonidan Sh.T.ga 2 mln 200 ming so‘m mablag‘i qaytarib berilishi ta’minlandi.
📍 Toshkent shahar
Fuqaro L.X internet tarmog‘i orqali “EUPHORIA GROUP” MChJdan buyurtma bergan “Giper Forte” mahsulotini o‘rniga, boshqa turdagi mahsulot yetkazib berilganligidan norozi bo‘lib, to‘lagan pul mablag‘lari qaytarish yuzasidan hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganish ishlari natijasida, fuqaroga to‘lagan 1 101 000 so‘m miqdordagi pul mablag‘i qaytarib, berilishi ta’minlandi.








