Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan “Raqamli platforma operatorlarini monopoliyaga qarshi tartibga solish: xalqaro tajriba, tendensiyalar va O‘zbekiston Respublikasi uchun tavsiyalar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Mazkur tadbirda mahalliy, xorijiy va global raqamli platforma operatorlari vakillari, shuningdek, Jahon banki ekspertlari ishtirok etdilar.
Davra suhbatini Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari F. Karabayev kirish so‘zi bilan ochib, raqamli iqtisodiyot sharoitida raqamli platforma operatorlarini monopoliyaga qarshi tartibga solishning nazariy, huquqiy va institusional asoslari, ushbu sohadagi xalqaro tajriba, zamonaviy rivojlanish tendensiyalari hamda O‘zbekiston Respublikasida raqobat muhitini yana-da takomillashtirish istiqbollari haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, BRIKSning Raqobat huquqi va siyosati markazi direktori, Jahon banki eksperti Aleksey Ivanov raqamli platformalar faoliyatini tartibga solishga oid qonunchilikda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, xalqaro amaliyotda shakllanayotgan yangi yondashuvlar hamda ularning raqamli bozorlarda sog‘lom raqobat muhitini ta’minlashdagi ahamiyati yuzasidan ma’ruza qildi.
Tadbirning asosiy maqsadi innovatsiyalarni rag‘batlantirish, raqamli bozorlarda sog‘lom va adolatli raqobat muhitini shakllantirish, iste’molchilar huquqlarini ishonchli himoya qilish hamda raqamli platforma operatorlarini monopoliyaga qarshi tartibga solishning amaldagi mexanizmlarini yana-da takomillashtirish masalalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Xususan, davra suhbati doirasida raqamli platformalarning ustun mavqeini e’tirof etish mezonlarini qayta ko‘rib chiqish, global raqamli platformalar uchun ularning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda maxsus tartib-taomillarni joriy etish, raqamli bozorlarda raqobatni cheklovchi omillarni bartaraf etish, bozorga kirishdagi to‘siqlarni qisqartirish hamda mazkur sohadagi huquqiy va institusional mexanizmlarni takomillashtirishga doir takliflar ko‘rib chiqildi va muhokama etildi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikr va takliflar raqamli iqtisodiyot sharoitida raqobat siyosatini takomillashtirish, zamonaviy xalqaro tajribani milliy amaliyotga joriy etish hamda raqamli bozorlarda ochiq va shaffof raqobat muhitini ta’minlash bo‘yicha keyingi chora-tadbirlarni ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.








