Joriy yilning 13-may kuni Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi binosida Qozog‘iston Respublikasi Raqobatni himoya qilish va rivojlantirish agentligining bir guruh mas’ul xodimlari va ekspertlari ishtirokida “O‘zbekistonda “ustun muzokara kuchi” institutini qo‘llash amaliyotini o‘rganish” mavzusida o‘quv seminari va ekspert maslahatlashuvlari o‘tkazildi.
Seminarda xorijlik mutaxassislarga O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida raqobat qonunchiligida yuz bergan muhim yangiliklar va o‘zgarishlar hamda Qo‘mita faoliyatining asosiy yo‘nalishlari yuzasidan axborot berildi.
Shuningdek, ushbu o‘quv seminari doirasida Qo‘mita tomonidan Qozog‘istonlik mutaxassislar uchun “ustun muzokara kuchi” institutini O‘zbekistonda qo‘llash amaliyotining hozirgi holati, huquqiy va metodologik asoslari yuzasidan taqdimot o‘tkazildi hamda batafsil ma’lumotlar berildi.
Qozog‘istonlik mehmonlar so‘nggi yillarda O‘zbekistonda raqobat siyosati bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarga yuqori baho berib, O‘zbekistonning bu borada orttirgan boy tajribasini alohida e’tirof etdilar hamda seminarni tashkil etilishida amaliy yordam ko‘rsatgani uchun Qo‘mitaga minnatdorchilik bildirdilar.
Seminar yakunida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar va foydali muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.







