Ekspertiza tahlillariga ko‘ra, 7 nomdagi un mahsulotlari belgilangan talablariga nomuvofiqligi aniqlandi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan ichki iste’mol bozorida sotilayotgan un mahsulotlari sifati va xavfsizligini ta’minlash maqsadida hamkor tashkilotlar bilan aholi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan un mahsulotlarining nazorat xaridlari tashkil etildi.
Xususan, 2026-yilning yanvar-aprel oylarida Qo‘mita tomonidan respublika miqyosida savdo shoxobchalaridan jami 35 nomdagi un mahsulotlaridan namunalar xarid qilindi va tegishli laboratoriyalarga topshirildi.
Ekspertiza tahlillariga ko‘ra, quyidagi 7 nomdagi un mahsulotlarining normativ-texnik hujjatlar talablariga nomuvofiqligi aniqlangan:
🔘Buxoro viloyati
“Mufassal” nomli un “Sof Group” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan;
“Asian Grain” nomli un “Asian Golden Grain Products» MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan 1-navli bug‘doy unlari viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi sinov laboratoriyasining xulosalariga ko‘ra, unda temir va ruh miqdori standart talablariga javob bermasligi aniqlangan.
🔘Jizzax viloyati
“Lazzat Gold” nomli un “Jizzaxdonmahsulotlari” AJ tomonidan ishlab chiqarilgan;
“ZEBO” nomli un “ELEEF” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan 1-navli bug‘doy unlari mahsulotlarining vitamin mineral aralashmasi (mikronutriyentlar)ga boyitilishi belgilangan me’yor talablariga mos kelmagan.Hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “Jizzaxdonmahsulotlari” AJ “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 6,20-moddalari talablari buzilgani aniqlanib, asossiz olingan mablag‘larni iste’molchilarga ixtiyoriy qaytarish choralarini ko‘rish yuzasidan tegishli ko‘rsatma berilgan.
🔘Samarqand viloyati
“Biday un 777” nomli “Best Mak Sapellini” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan oliy va birinchi navli bug‘doy unlari ham temir va ruh ko‘rsatkichi bo‘yicha talabga javob bermagani aniqlangan.
🔘Farg‘ona viloyati
“Muxabbat” nomli un – “QUANTITY CLASS” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan;
“DASTARXAN MUKA” nomli un – “ASHRAF RAMAZAN” MChJ QK tomonidan ishlab chiqarilgan oliy navli unlari laboratoriya tahlillariga ko‘ra nomuvofiq deb topildi.
⚠️Raqobat qo‘mitasi tomonidan:
✅ mazkur un mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga unlarni belgilangan standart talablariga muvofiqlashtirish ya’ni temir va ruh miqdorini me’yorga keltirish hamda mikronutriyentlar bilan to‘liq boyitilgan holda sotilishini ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar berilib, tegishlilariga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilgan;
✅ Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining hududiy boshqarmalariga vakolati doirasida qonunbuzilishga yo‘l qo‘ygan korxonalarga nisbatan huquqiy baho berib, tegishli choralar ko‘rish uchun ma’lumotlar yuborilgan.








