#Ochiq_muloqot
QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASIDA RAQOBAT QO‘MITASINING OChIQ MULOQOTI BO‘LIB O‘TDI
Ushbu ochiq muloqot tadbirkor va fuqarolar, tegishli mutasaddi tashkilot va OAV vakillari hamda blogerlar ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Respublika hududlari kesimida tashkil etilayotgan ushbu ochiq muloqotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6247 va PF-154-sonli farmonlari ijrosini samarali ta’minlash, davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini yana-da mustahkamlash hamda tizimli jamoatchilik nazoratini izchil yo‘lga qo‘yish maqsadida Qo‘mita tomonidan muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
Muloqot davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi B.Ismailov tomonidan 2025-yil yakunlari va 2026-yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan jamoatchilikka hisobot taqdim etildi.
Shuningdek, hududda raqobat sohasida belgilangan vazifalar ijrosi hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga oid ko‘rsatkichlar jamoatchilik vakillari ishtirokida batafsil muhokama qilinib, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari yuzasidan takliflar ko‘rib chiqildi.
Ochiq muloqot davomida ishtirokchilar tomonidan qator murojaat va takliflar bildirilib, ulardan jami 10 ga yaqini qabul qilinib, ko‘rib chiqish uchun ro‘yxatga olindi.
Jumladan:
➡️ «International Beverages Tashkent» MChJ QK vakilining savdo do‘konlarida reklama obyektlarini pasportlashtirish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish, mavjud tartib-taomillarni takomillashtirish hamda ushbu jarayonni yana-da shaffof va samarali tashkil etish masalalari yuzasidan;
➡️ OAV vakili, jurnalist A. Berdiyevaning umumiy ovqatlanish korxonalarida iste’molchilardan qo‘shimcha 10–20–30 foiz xizmat haqi undirish hamda depozit talab qilish kabi noqonuniy holatlarning oldini olish, ularga chek qo‘yish va bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan;
➡️ “OLTIN TOLA BO’STON” IChK vakilining hududdagi fermer xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatuvchi sifatida ta’minotchilar platformasiga kiritilishida yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish;
➡️ O‘zA muxbiri D. Xabibullayevning bozorlar va savdo shoxobchalarida sotilayotgan tovarlarning yaroqlilik muddatini nazorat qilish yuzasidan tizimli o‘rganishlar tashkil etish hamda bunday holatlarning oldini olish;
➡️ A. Aytimbetovaning farmatsevtika mahsulotlarini ulgurji sotish bilan shug‘ullanuvchi dorixonalardan mahsulot xarid qilish jarayonida qo‘shimcha tovarlarni majburiy ravishda taklif etish holatlari va ushbu muammoni bartaraf etish masalalari bo‘yicha taklif va murojaatlari tinglandi va ularni ko‘rib chiqish yuzasidan tegishli mas’ul organlarga takliflar kiritilishi belgilandi.
Tadbir ishtirokchilar o‘rtasida savol-javoblar va qizg‘in muhokamalar muhitida samarali va faol tarzda o‘tdi.
Ma’lumot o‘rnida: Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga 2025-yilda jami 1400ga yaqin va 2026-yil I-choragi davomida 500 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan. Amalga oshirilgan ishlar natijasida 300 mingdan ortiq iste’molchilarning huquq va manfaatlari himoya qilinib, ular foydasiga 13 mlrd so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilingan.








