Raqobat qo‘mitasiga iste’molchilardan onlayn savdo sohasida kelib tushayotgan murojaatlar tizimli o‘rganilib, tezkor va samarali choralar ko‘rilmoqda.
Murojaatlar yechimi hududlar kesimida
🔘Jizzax viloyati
Hududiy boshqarma Jizzax shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro E.Sh. “Uzum nasiya” elektron platformasida yuzaga kelgan noqulayliklardan norozi bo‘lib murojaat qildi.
Murojaatda fuqaro “Qalan,uz” elektron platformasi xizmatlari uchun “Uzum nasiya” bilan 2025-yil uchun muddatli to‘lov shartnomasi tuzganligi, ammo yil yakunida fuqaro roziligisiz yana bir yil uchun shartnoma rasmiylashtirilganini bildirgan.
O‘rganishlar natijasida 2026-yilga tuzilgan 3,4 mln so‘mlik shartnoma bekor qilinishi ta’minlandi.
🔘Samarqand viloyati
Hududiy boshqarmaga Samarqand shahrida yashovchi fuqaro M.M.dan tushgan murojaati o‘rganib chiqilganida “Uzum Market” internet do‘konidan kiyim-kechakka qilgan buyurtmasining o‘lchami fuqaroga to‘g‘ri kelmagani bois tovarni olib-ketish punktiga topshirgan, ammo to‘langan pullari qaytarilmayotganligi ma’lum bo‘ldi. O‘rganish natijasida 435 000 so‘m miqdorda pul mablag‘lari to‘liq qaytarib berilishi ta’minlandi.
🔘Surxondaryo viloyati
Hududiy boshqarmaga Termiz shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro Z.S. bergan murojaatida “Uzum Market” orqali televizorga buyurtma berib, to‘lov qilgani, ammo televizorning nosoz chiqqanidan noroziligini bildirib, amaliy yordam so‘ragan.
O‘rganishlar natijasida “Uzum market” tomonidan sifatsiz televizor qaytarib olinib, 1 709 000 so‘m pul mablag‘i fuqaroning bank plastik kartasiga o‘tkazib berilishi ta’minlandi.
🔘Qashqadaryo viloyati
Hududiy boshqarmaga Qarshi shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro F.Sh. murojaat qilib, “Uzum Market” onlayn do‘koni orqali shartnoma asosida telefon sotib olgani, ammo telefon apparati qisqa vaqt ichida sifatsizligi sababli undan foydalanishning imkoni bo‘lmayotgani yuzasidan e’tirozini bildirgan.
Murojaatni o‘rganish natijasida fuqaro F.Sh.ga do‘kon tomonidan sifatsiz mahsulot uchun to‘langan 3 500 000 so‘m mablag‘i to‘liq qaytarilishi ta’minlandi.
🔘Toshkent shahar
Hududiy boshqarma Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro J.K hamda Andijon viloyati Baliqchi tumanida yashovchi M.K.larning “Iman Invest” kompaniyasidan norozilik bildirgan murojaatlarini o‘rganib chiqdi.
O‘rganishlarda fuqarolar mazkur kompaniyadan muddatli to‘lov asosida xarid qilingan tovarlar bo‘yicha qarzdorliklari yopilgan bo‘lishiga qaramay ularning hisobidan asossiz tarzda ortiqcha miqdorda pul mablag‘i undirilganligi ma’lum bo‘ldi.
Olib borilgan o‘rganishlar natijasida asossiz tarzda ortiqcha miqdorda undirilgan 2 mln 730 ming so‘mdan ortiq pul mablag‘i qaytarib berilishi ta’minlandi.
🔘Toshkent viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan fuqaroning yo‘llagan murojaati o‘rganilganda “Uzum Market” internet do‘konidan xarid qilgan changyutgichi haqiqatan ham nuqsonli ekanligi ma’lum bo‘ldi.
O‘rganishlar natijasida mazkur internet do‘koni tomonidan nosoz holdagi mahsulotlar qaytarib olinib, o‘zaro tuzilgan shartnoma bekor qilindi va fuqaroga 1 mln. 890 ming so‘m pul mablag‘i qaytarib berilishi ta’minlandi.








