Raqobat qo‘mitasi huzuridagi Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi hamda Toshkent davlat yuridik universiteti o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi doirasida amaliy hamkorlik tadbirlari izchil davom etmoqda.
Mazkur memorandum doirasida bugun Raqobat qo‘mitasida Toshkent davlat yuridik universiteti magistrantlari uchun davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda Qo‘mita mas’ul xodimlari tomonidan, mamlakatimizda raqobat muhitini shakllantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Davra suhbati davomida ishtirokchilarga: “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning asosiy qoidalari, “Reklama to‘g‘risida”gi qonun talablari, tovar va xizmatlar bozorida halol raqobatni ta’minlash mexanizmlari, monopoliyaga qarshi tartibga solish amaliyoti kabi masalalar yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, magistrantlar sohadagi amaliy keyslar bilan tanishtirilib, raqobat huquqini qo‘llash amaliyoti bo‘yicha mutaxassislar bilan ochiq muloqot o‘tkazdilar hamda ularni qiziqtirgan savollarga javoblar berildi.
Bunday tadbirlar yosh huquqshunoslarda raqobat huquqi sohasi bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, shuningdek davlat organlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi ilmiy-amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.








