Sirdaryo viloyatida reklama qonunchiligini buzgan korxonalarga moliyaviy jarimalar qo‘llanildi
Raqobat qo‘mitasining Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan tashqi reklama vositasini noqonuniy o‘rnatish, reklamalarni qonunchilik talablariga muvofiqlashtirish maqsadida joylarda tizimli ravishda o‘rganish va monitoring tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Jumladan, viloyatda faoliyat olib boruvchi bir nechta xo‘jalik yurituvchi subyektlar “SALES MASTER NETWORK” MCHJ (“Ishonch” brendi ostida faoliyat yurituvchi maishiy texnika va mebel do‘koni), “BIZNES FINANS MIKROMOLIYA TASHKILOTI” MCHJ va “EKO PROPAN” MCHJlar tomonidan o‘zboshimchalik bilan noqonuniy tarzda, katta o‘lchamdagi tashqi reklama vositalari o‘rnatilganlik holatlari aniqlandi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 428-sonli qaroriga asosan tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali axborot tizimi orqali reklama joyining pasporti rasmiylashtirilishi belgilangan.
Mazkur aniqlangan holatlar yuzasidan hududiy boshqarma tomonidan korxonalarga ogohlantirishlar berilganiga qaramay tashqi reklama vositasi bilan bog‘liq kamchiliklar bartaraf etilmagan.
Yuqoridagilarga muvofiq, Qo‘mita hududiy boshqarmasining Maxsus komissiyasi tomonidan 3 ta tashkilotga (“SALES MASTER NETWORK” MCHJ, “BIZNES FINANS MIKROMOLIYA TASHKILOTI” MCHJ va “EKO PROPAN” MCHJ) nisbatan belgilangan tartibda ishlar qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilindi.
Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.








