Raqobat qo‘mitasiga kelib tushayotgan murojaatlar soni iste’molchilar huquqlarini himoya qilish masalasi dolzarbligini ko‘rsatmoqda
So‘nggi yillarda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasiga oid murojaatlar soni sezilarli darajada ortib bormoqda. Xususan, Raqobat qo‘mitasiga 2023-yil 19 mingga yaqin, 2024-yilda 28 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2025-yilga kelib qariyb 53.5 mingga yetgani kuzatilmoqda.
Ushbu murojaatlar oshish tendensiyasi, bir tomondan, iste’molchilarning o‘z huquqlarini himoya qilishga bo‘lgan faolligi oshib borayotganini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan, tadbirkorlik subyektlari va boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan amaldagi qonunchilik talablariga yetarlicha amal qilinmasdan tovar va ish xizmatlari ko‘rsatilayotganligi va sohada mavjud muammolar borligidan dalolat bermoqda.
Zero, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 65-moddasida mamlakat iqtisodiyotining negizini turli mulk shakllari tashkil etishi, davlat halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratishi hamda iste’molchilar huquqlarining ustuvorligi ta’minlanishi qat’iy belgilangan. Shuningdek, barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy himoyasi kafolatlanishi, xususiy mulkning daxlsizligi alohida ta’kidlangan.
Shu bois, Raqobat qo‘mitasi mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha tadbirkorlik va xo‘jalik yurituvchi subyektlarni iste’molchilar huquqlariga hurmat bilan yondashishga, mahsulot va xizmatlar sifati hamda shaffof raqobat tamoyillariga rioya etgan holda faoliyat yuritishga chaqiradi.
Iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish — sog‘lom raqobat va barqaror iqtisodiy rivojlanishning muhim shartidir.








