Raqobat qo‘mitasi delegatsiyasining AQSHga amaliy safari davom etmoqda
Qo‘mita rahbariyati boshchiligidagi delegatsiya AQSHda bo‘lib turgan amaliy safar chog‘ida bir qator xalqaro tadbirlar va rasmiy uchrashuvlarda ishtirok etmoqda.
🔵 Delegatsiya Florida shtati Boka Raton shahrida o‘tkazilgan “Xalqaro fyuchers sanoati” konferensiyasi — FIA Global Cleared Markets Conference ochilish marosimi va asosiy sessiyalarida ishtirok etdi.
🌐 Mazkur anjuman xalqaro fyuchers va derivativ bozorlari sohasidagi eng yirik va nufuzli tadbirlardan biri hisoblanadi. Qariyb 50 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan konferensiya jahon birjalari, kliring tashkilotlari, moliyaviy institutlar, texnologiya kompaniyalari hamda regulyator organlar rahbarlarini bir maydonda jamlab kelmoqda. Tadbirda global fyuchers va kliring bozorlaridagi asosiy tendensiyalar, yangi texnologiyalar hamda tartibga solish siyosati yuzasidan muhokamalar o‘tkazilmoqda.
📁 Shu bilan birga, Qo‘mita vakillari “CME Group Chicago Mercantile Exchange” rahbariyati bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot chog‘ida fyuchers savdolarini rivojlantirish istiqbollari, bozor ishtirokchilari uchun seminar va treninglar tashkil etish masalalari ko‘rib chiqilib, fyuchers bozorining xalqaro tajribasi, zamonaviy savdo mexanizmlari hamda xedjirlash instrumentlaridan samarali foydalanish imkoniyatlari bo‘yicha fikr almashildi.
📍 Shuningdek, AQSHning Kolumbiya okrugi, Vashington shahrida Qo‘mita vakillari hamda AQSH Savdo vazirligining Tijorat huquqini rivojlantirish dasturi (CLDP) rahbari Stifen Gardner o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy munosabatlar hamda o‘zaro hamkorlik so‘nggi yillarda tarixiy yuqori bosqichga ko‘tarilgani ta’kidlandi. Shuningdek, Qo‘mita, CLDP hamda tovar-xom ashyo birjasi hamkorligida ishlab chiqilgan “Hamkorlik yo‘l xaritasi” doirasidagi ishlar muhokama qilindi.
⭕️ Tashrif davomida AQSH Federal Savdo Komissiyasining monopoliyaga qarshi siyosat va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yo‘nalishlari bo‘yicha mas’ul rahbarlari bilan ham uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda so‘nggi yillarda mamlakatimizda raqobat muhitini yaxshilash va iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan islohotlar natijalari bo‘yicha taqdimot qilinib, mazkur yo‘nalishlarda o‘zaro tajriba almashish va samarali hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.








