Raqobat qo‘mitasi tomonidan fuqarolardan savdo, elektron tijorat, kommunal xizmatlar, bank-moliya, ta’lim hamda avtotransport savdosi bilan bog‘liq tushayotgan murojaatlar o‘rganilib, iste’molchilar huquqlari himoya qilinmoqda.
Hududlar kesimida misollar
🔘Andijon viloyati
Hududiy boshqarmaga Ishonch telefoni orqali Andijon shahri, Bog‘ishamol MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro R.M. tomonidan murojaat kelib tushdi.
Murojaatda fuqaro “BIG WORLD DETAIL” MChJdan shartnoma asosida kir yuvish mashinasi xarid qilganini, biroq MChJ tomonidan shartnomada ko‘rsatilgan summadan 1,1 mln so‘mga yaqin ortiqcha mablag‘ yechib olinganligidan noroziligini bildirgan.
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilganligi aniqlanib, fuqarodan olingan ortiqcha 1,1 mln so‘mga yaqin mablag‘ fuqaroga qaytarib berilishi ta’minlandi.
🔘Namangan viloyati
Hududiy boshqarmaga Mingbuloq tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro I.Z. tomonidan murojaat kelib tushdi.
Murojaatda fuqaro TIF Milliy bank Namangan filialidan 20 000 000 so‘m kredit olgani va kredit to‘liq qoplangan bo‘lsa-da, bank tomonidan 3 300 000 ming so‘mdan ortiq ortiqcha qarzdorlik hisoblanayotganidan norozi bo‘lib, amaliy yordam so‘ragan.
O‘rganishlar natijasida TIF Milliy bank Namangan filiali tomonidan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilganligi aniqlandi.
Natijada bank tomonidan fuqaroga hisoblangan 3 300 000 ming so‘mdan ortiq qarzdorlik bartaraf etildi va fuqaroning huquqlari to‘liq tiklandi.
🔘Navoiy viloyati
Hududiy boshqarmaga Navoiy viloyati Zarafshon shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro Yu.Q. tomonidan murojaat kelib tushdi.
Murojaatda fuqaro “Uzum nasiya” ilovasi orqali 19 mln so‘m kredit olib, o‘z vaqtida to‘lay olmaganligi sababli “SHAFFOF MOLIYA” MChJ tomonidan mavjud qarzdorligi majburiy ijro byurosi orqali undirayotganligi, shu bilan birga ilovada 5,5 mln so‘m ortiqcha mablag‘ avtomatik ravishda fuqaro Yu.Q.ga tegishli plastik kartasidan yechib olinganligini ma’lum qilgan.
O‘rganishlar natijasida “SHAFFOF MOLIYA” MChJ tomonidan ortiqcha yechib olingan 5,5 mln so‘m mablag‘ to‘liq shaklda fuqaro Yu.Q.ga tegishli plastik kartaga qaytarilishi ta’minlandi va murojaat ijobiy hal etildi.
🔘Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Fuqaro “Click” ilovasi orqali ipoteka kreditini to‘lashda noto‘g‘ri o‘tkazgan pulini qaytarib olishda amaliy yordam so‘rab Qo‘mitaga murojaat qildi.
Qo‘mita tomonidan murojaatda keltirilgan masala yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilishi natijasida, “Click” kompaniyasi tomonidan fuqaroga xato o‘tkazilgan 2 mln so‘m pul mablag‘i qaytarilishi ta’minlandi.
🔘Samarqand viloyati
Hududiy boshqarmaga Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro D.Isoqov tomonidan murojaat kelib tushdi.
Murojaatda fuqaro tumanda joylashgan maishiy texnika do‘konidan xarid qilingan elektr suv isitgich (ariston) sifatsiz chiqqanini bildirib, ushbu mahsulotni almashtirishda amaliy yordam so‘ragan.
O‘rganish ishlari natijasida fuqaro xarid qilgan maishiy texnika yangisiga almashtirilib, murojaat iste’molchi foydasiga ijobiy hal etildi.
🔘Surxondaryo viloyati
Hududiy boshqarmaga Termiz shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro F.Z. tomonidan “Call-center” orqali murojaat kelib tushdi.
Murojaatda fuqaro Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi “Surxondaryo e’lonlari” kanali orqali buyurtma qilingan mebellar to‘plami yetkazib berilmagani hamda to‘langan mablag‘ni qaytarib ololmayotgani sababli amaliy yordam so‘ragan.
O‘rganish ishlari natijasida yetkazib berilmagan mahsulot uchun fuqaro tomonidan to‘langan 2 mln 300 ming so‘m mablag‘ qaytarilishi ta’minlanib, murojaat iste’molchi foydasiga hal etildi.
🔘Toshkent shahri
Toshkent shahar hududiy boshqarmasiga bir guruh fuqarolar tomonidan “Uzum market” platformasi orqali xarid qilingan tovarlarda nuqsonlar aniqlangani hamda ularni qaytarish va to‘langan mablag‘ni olish masalasi hal etilmayotganidan norozi bo‘lib murojaat yo‘llangan.
O‘rganish ishlari natijasida nuqsonli tovarlar qaytarib olinib, fuqarolar foydasiga jami 8 mln 200 ming so‘mdan ortiq mablag‘ qaytarilishi ta’minlandi.







