15,5 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlari yuzasidan tegishli ta’sir choralari ko‘rildi
Raqobat qo‘mitasining Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “FERGANA AVTOMAT RASCHOT” MChJning murojaatiga asosan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Navoiy hududiy filiali o‘tkazgan eng yaxshi takliflarni tanlash (tender) savdolari “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablariga muvofiqligi yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi.
Olib borilgan o‘rganishlar natijasida, buyurtmachi tashkilot tomonidan o‘tkazilgan boshlang‘ich qiymati 15,5 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan tanlov savdolari “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 29-moddasi talablariga rioya qilinmagani, ya’ni savdolarda ishtirokchilar uchun raqobatni cheklaydigan shartlar kiritilgani, tanlov hujjatlaridagi talablar bilan to‘liq baholanmagani va takliflarni noto‘g‘ri baholash kabi bir qator qonunbuzilishlari aniqlangan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan buyurtmachi tashkilotga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilish alomatlari bilan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilindi. Hamda, buyurtmachi tashkilot mansabdor shaxsiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib tegishli tartibda sud organlariga yuborildi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
Ma’lumot o‘rnida. Maxsus komissiyaning ushbu qaroridan norozi bo‘lgan tomon Qo‘mitaning Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.








