Birja savdolarini o‘tkazishda raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzgani uchun “Namangan to‘qimachi cluster” MCHJga nisbatan tegishli ta’sir chorasi qo‘llanildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktyabrdagi “Tovar-xom ashyo birjalari faoliyati samaradorligini oshirish va birja savdosi mexanizmlarini yanada takomillashtirish choralari to‘g‘risida”gi 4484-sonli qaroriga muvofiq, Raqobat qo‘mitasi yuqori likvidli va monopol mahsulotlarni birja savdolariga belgilangan tartibda qo‘yib borilishi ustidan doimiy nazoratni olib boradi.
Raqobat qo‘mitasi Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan monitoringlarda “Namangan to‘qimachi cluster” MCHJ tomonidan paxta to‘qimachilik klaster korxonasiga yuklangan majburiyatlar bajarilmagani, ya’ni yuqori likvidli paxta linti mahsuloti belgilangan grafikda nazarda tutilgan muddat va hajmlarda birja savdolariga qo‘yilmagani aniqlandi.
Yuqoridagi holatlarga muvofiq, Maxsus komissiya tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilishi yuzasidan mazkur klaster korxonaga nisbatan ishlar qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llanildi.
Shuningdek, qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.








