Raqobat qo‘mitasi Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “Marketpleys” onlayn platformasi ma’lumotlari tahlil qilinganda imtiyozli kreditlar asosida oilaviy tadbirkorlarga tovarlarni xarid qilish jarayonida ta’minotchilar, oilaviy tadbirkorlar hamda ayrim davlat xizmati xodimlari o‘rtasida til biriktirish va manfaatlar to‘qnashuvi holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.
Jumladan, Jizzax shahri, Zomin, Mirzacho‘l, Sh.Rashidov, G‘allaorol va Zafarobod tumanlaridan 12 nafar fuqaro tomonidan kredit olish uchun tizimda qoldirgan arizalari bo‘yicha xarid qilgan mahsulotlarining narxi uning bozordagi narxlaridan tubdan farq qilganligi ma’lum bo‘ldi.
Misol uchun, Zomin tumani Bog‘ishamol MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro R.B. tomonidan imtiyozli kredit hisobidan tikuvchilik yo‘nalishida oilaviy tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish (rivojlantirish) maqsadida 33 mln so‘m kredit mablag‘ini olish istagini bildirgan va hokim yordamchisi tomonidan tavsiyanoma berilgan.
Mahsulot yetkazib berish bo‘yicha Yagona elektron platformada yaratilgan «marketpleys» tizimida “Zomin uchar sher” OK bilan 3 dona parda tikish mashinasi xarid qilish uchun jami 23 mln so‘mlik shartnoma tuzilgan. Aslida mazkur tikuv mashinalarining Jizzax shahridagi o‘rtacha bozor narxi 5,5-6 mln so‘mgacha bo‘lgan. Shuningdek, o‘rganishlarda qolgan 11 ta oilaviy tadbirkorlik subyektlariga imtiyozli kredit hisobidan zarur texnikalar quyidagicha qimmat narxlarda, ya’ni:
🔘o‘rtacha bozor narxi 5,5-6 mln so‘mgacha bo‘lgan “Jack” tikuv mashinasining har birini 10 mln 978 ming so‘mdan 3 donasini jami 32 mln 935 ming so‘mda;
🔘o‘rtacha bozor narxi 22,5-23 mln so‘mgacha bo‘lgan tikuv mashinalari 33 mln so‘mda;
🔘o‘rtacha bozor narxi 5,5-6 mln so‘mgacha bo‘lgan tikuv mashinasi va aylana tikuv mashinasi har biri 10 mln so‘mdan 20 mln so‘mgacha;
🔘 o‘rtacha bozor narxi 25,5-26 mln so‘mgacha bo‘lgan muzlatkich 33 mln so‘mda;
🔘 o‘rtacha bozor narxi 29,5-30 mln so‘m bo‘lgan uch g‘ildirakli yuk motorolleri 5 ta holatda 33 mln so‘mga, 2 ta holatda 32 mln so‘mga xarid qilish uchun shartnomalar tuzilgani aniqlandi. Hududiy boshqarma tomonidan mazkur qonunbuzilish holatlari va ularni bartaraf qilish yuzasidan viloyat hokimligi, viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti Jizzax viloyati boshqarmasiga tegishli tartibda ma’lumotlar taqdim etildi.








