Joriy yilning 20–23-oktyabr kunlari Belarus Respublikasining Brest shahrida MDHga a’zo davlatlarning Monopoliyaga qarshi siyosat bo‘yicha davlatlararo kengashi (MSAP)ning 59 va Monopoliyaga qarshi qonunchilik talablarini buzilishi holatlarini birgalikda bartaraf etish bo‘yicha shtabning 45-yig‘ilishlarida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi boshchiligidagi delegatsiya a’zolari ishtirok etishdi.
Monopoliyaga qarshi siyosat bo‘yicha davlatlararo kengashining 22-oktyabr kungi 59-yig‘ilishida Raqobat qo‘mita raisi Halilillo Turaxujayev so‘zga chiqib, ishtirokchilarga O‘zbekistonda raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan muhim islohotlar, qonunchilikdagi yangiliklar va dolzarb o‘zgarishlar yuzasidan ma’lumot berdi.
Uchrashuvlar ishtirokchilar uchun raqobat siyosati va monopoliyaga qarshi tartibga solish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish hamda yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash imkonini yaratdi.