Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘rganilgan 2 800 dan ortiq avtobus bekatlaridagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha Transport vazirligi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga tegishli ko‘rsatmalar yuborildi
Raqobat qo‘mitasiga kelib tushgan murojaatlar, shuningdek ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari tomonidan qoldirilayotgan murojaatlarda avtobus bekatlari belgilangan talab darajasida emasligi va unda yo‘lovchilar uchun yetarli darajada qulayliklar yaratilmaganligi yuzasidan ko‘plab e’tirozlarini bildirishmoqda.
Mazkur murojaatlar asosida Qo‘mita va uning hududiy boshqarmalari tomonidan tanlanma usulida 2 800 tadan ortiq bekatlar faoliyati o‘rganib chiqildi. O‘rganishlarda ularda belgilangan normalarga nomuvofiq faoliyat ko‘rsatayotgan ba’zi bekatlarda quyidagi kamchiliklar aniqlandi:
Jumladan,
286 ta holatda – kutish zallarining uchta tomoni maxsus to‘siqlar bilan yopilmaganligi sababli yo‘lovchilar issiq va sovuq havodan himoyalanmagan;
210 ta holatda – kutish zallarida savdo shoxobchalari joylashtirilgan;
387 ta holatda – nogironlar uchun maxsus ko‘tarma panduslar mavjud emas;
412 ta holatda – kutish zallarida elektr yoritgichlar o‘rnatilmagan;
57 ta holatda – yomg‘ir, qor va shamolli kunlarda yo‘lovchilar uchun pavilyon mavjud emas;
156 ta holatda – bekat nomi yozilgan ko‘rsatkich qo‘yilmagan;
255 ta holatda – yo‘nalishning tartib raqami mavjud emas.
Xususan, respublikamizda avtomobil yo‘llaridagi avtobus bekatlariga qo‘yiladigan umumiy talablarning davlat standartida
(O‘zDSt 3196-2017-sonli):
🔘sovuq va issiq havodan yo‘lovchilarni himoya qilish maqsadida kutish zallarining kamida 3 ta tomoni maxsus to‘siqlar bilan yopilgan bo‘lishi;
🔘qatnovlarning tig‘iz paytida mazkur bekatlar maydoni 4 ta yo‘lovchi uchun kamida 1 m2 ni tashkil etishi;
🔘savdo shoxobchalari kutish zallaridan tashqarida joylashishi;
🔘nogironlar uchun maxsus ko‘tarma panduslar bilan jihozlanishi;
🔘kutish zalining har 10 m2 uchun kamida 1 ta o‘rindiq (skameyka) o‘rnatilishi;
🔘kutish zallarida yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha chiqish eshiklari mavjud bo‘lishi;
🔘bekat tashqarisi hamda kutish zaliga alohida chiqindi qutilari o‘rnatilishi;
🔘kutish zallari elektr yoritgichlar bilan ta’minlangan bo‘lishi;
🔘bekat konstruksiyalarida reklamalarni joylashtirishga ruxsat bermaslikdan iborat qator talablar belgilangan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 482-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagajni tashish qoidalari”da shahar atrofi yo‘nalishlaridagi bekatlar yo‘lovchilarning u yerga xavfsiz va qulay kelishini ta’minlashni hamda qonunchilik talablarini hisobga olgan holda joylashtirilishi va ularda quyidagilarga ega bo‘lishi kerak:
🔘pavilyonni joylashtirish uchun asfaltlangan maydonchalar va yo‘lovchilarning bekatga kelishi uchun asfaltlangan yo‘lkalar;
🔘yo‘lovchilarning yomg‘ir, qor, shamoldan bekinishi (himoyalanishi) uchun pavilyon;
🔘bekatning nomi yozilgan ko‘rsatkich;
🔘yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘rsatkichlar.
Qo‘mita tomonidan o‘rganishda aniqlangan yuqoridagi kabi kamchilik va qonunbuzilish holatlarini bartaraf qilish chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Transport vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga tegishli ko‘rsatma yuborildi.
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining:
4-moddasiga asosan tovar (ish, xizmat)ning xavfsiz bo‘lishi, hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulki uchun xavfli nuqsoni bo‘lgan tovar (ish, xizmat), shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning g‘ayriqonuniy harakati (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan moddiy ziyon, ma’naviy zararning to‘liq hajmda qoplanishi huquqiga ega;
12-moddasiga asosan iste’molchi o‘zi sotib olgan tovar (ish, xizmat) sanitariya-gigiyena, shu jumladan, radiologiya, epidemiyaga qarshi talablarga va amaldagi boshqa normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda ishlab chiqarilgan yoki bajarilgan bo‘lishiga va uning hayoti, sog‘lig‘i, atrof-muhit uchun xavfsiz bo‘lishiga, shuningdek, uning mol-mulkiga zarar yetkazmasligiga kafolat berilishini talab qilish huquqiga ega ekanligi belgilangan.