Raqobat qo‘mitasi tomonidan fuqarolardan savdo va kommunal xizmatlar borasida tushayotgan murojaatlar o‘rganilib, iste’molchilarning huquqlari himoya qilinmoqda.
Hududlar kesimida misollar
Qashqadaryo viloyati
Fuqaro Qarshi shahrida joylashgan “FAVORITE-CARS-SERVICE” MChJ avtosalonidan avtomashina xarid qilish uchun to‘liq to‘lovni amalga oshirgan. Avtosalon mashina oy oxirida topshirilishini ma’lum qilgan, ammo fuqaro belgilangan vaqtda kela olmagan. Ma’lum muddatdan so‘ng Avtosalonga murojaat qilganda, avtomashinani topshirib bo‘lmasligi va inventarizatsiya olib borilayotgani aytilgan. Bu haqda fuqaro oldindan ogohlantirilmagan. Shu sababli fuqaro hududiy boshqarmaga shikoyat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan olib borgan o‘rganishlari natijasida, tomonlar o‘rtasidagi kelishmovchilik bartaraf etilib, avtomashina fuqaroga belgilangan tartibda topshirilishi ta’minladi
Jizzax viloyati
Fuqaro N.T. Idea savdo do‘konidan 13,2 mln so‘mga muddatli to‘lov asosida muzlatkich xarid qilgan. Keyinchalik narxi oila a’zolariga ma’qul kelmagani uchun shartnomani bekor qilishni so‘ragan, ammo do‘kon xodimlari rad etgan. Shu sababli u hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, ushbu shartnoma bekor qilindi va murojaat iste’molchi foydasiga ijobiy hal etildi.
Farg‘ona viloyati
Fuqaro uyida o‘rnatilgan suv hisoblagich sovuq ob-havo sabab muzlab yorilib qolgan. Shu holatdan so‘ng hududiy suv ta’minoti korxonasi xodimlari tomonidan fuqaroga jarima qo‘llanilib, yangi hisoblagichni o‘z hisobidan o‘rnatish talab qilingan. Shu sababli u hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, fuqaroga chiqarilgan jarima bekor qilinib, suv ta’minoti korxonasi tomonidan yangi suv hisoblagich bepul tarzda o‘rnatib berilishi ta’minlandi.
Buxoro viloyati
Fuqaro Sh. Q. “BUKHARA PANEL SERCE” MChJga quyosh panellari uchun 125 mln so‘m to‘lagan. Kompaniya shartnomani bajarmagan va boshqa tovar bergan. Shu sababli fuqaro tovarni almashtirish yoki pulni qaytarish yuzasidan hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, korxona tomonidan 125 mln so‘m to‘lov to‘liq qaytarib berilishi ta’minlandi.
Andijon viloyati
Fuqaro Andijon shahri, Sadda MFYdagi xonadonga gaz ta’minoti tomonidan 7 mln so‘m asossiz qarzdorlik hisoblanganidan norozi bo‘lib, hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, fuqaroning shaxsiy hisob raqamida shakllangan asossiz qarzdorliklar to‘liq bekor qilinishi ta’minlandi.








