Raqobat qo‘mitasi huzuridagi Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi tomonidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ hamda Oliy ta’lim muassasalari xodimlari uchun monopoliyaga qarshi komplayens bo‘yicha 3 kunlik o‘quv kursi tashkil etildi.
O‘quv kursi doirasida ishtirokchilarga raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikning mazmun-mohiyati, uning iqtisodiyotdagi ahamiyati, ustun mavqe, monopoliya va tabiiy monopoliya tushunchalari, insofsiz raqobat holatlari, kartel kelishuvlari, davlat xaridlari va birja savdolaridagi talablar, shuningdek, monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy etish va uning samaradorligini baholash masalalari bo‘yicha batafsil tushunchalar berildi.
Mashg‘ulotlar sohada yuqori malaka va amaliy tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar tomonidan olib borildi.
O‘quv kursi yakunida ishtirokchilarga belgilangan tartibdagi maxsus sertifikatlar topshirildi.
Mazkur o‘quv kursi davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlarda monopoliyaga qarshi komplayens tizimini samarali joriy etish, raqobat muhitini ta’minlash hamda qonunchilikka rioya etish madaniyatini shakllantirishga qaratilgan.








