Ijtimoiy tarmoq orqali “Asossiz ravishda o‘zimga tegishli bo‘lgan avtomobilimni 46 kundan beri ta’mirlab bermasdan ushlab turishibdi” mavzusida murojaat qoldirilgan.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Raqobat qo‘mitasi Andijon viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlarda fuqaro X.R. «AVTOGRAND-AND» MCHJdan 24.01.2024-yilda shartnomaga asosan “ADM JIZZAH”da ishlab chiqarilgan HAVAL JOLIN rusumli avtomobilini sotib olgan. Zavod tomonidan avtomobillarga 150,000 km yoki 5-yil kafolat berilgani, diagnostika ko‘rigidan o‘tkazilgan avtomobilda uzatmalar qutisida nosozlik yuzaga kelgani ma’lum bo‘ldi.
O‘rganishlarda haqiqatan ham ishlab chiqaruvchi avtomobilga fuqaro ruxsatsiz propan gaz uskunasi o‘rnatgani uchun kafolat muddatida ta’mirlashda javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagani aniqlandi.
Xususan, “ADM Jizzakh” ishlab chiqaruvchi zavod avtomobillarga beradigan kafolat siyosati bo‘yicha o‘z shartnomasida quyidagi hollarda ta’mirlashni o‘z zimmasidan ozod etilishi ko‘rsatgan: ya’ni ruxsatsiz o‘zgartirish, sozlash yoki demontaj qilishda egasi tomonidan yetkazilgan zarar – avtomobil sifati bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelganda.
“AVTOGRAND-AND” MCHJ shunga qaramay, fuqaro X. R.ga pullik xizmat ko‘rsatish orqali ta’mirlatish mumkinligini taklif etgan. Undan so‘ng avtomobilga kerakli bo‘lgan yangi ehtiyot qismlar keltirilib, elektron boshqarish blokini o‘rnatish va programmalashtirish uchun servis markaziga yuborildi. Bugungi kunda fuqaroga o‘z ehtiyoji uchun vaqtincha foydalanishga HAVAL JOLIN rusumli avtomashina taqdim etilgan.