Raqobat qoʻmitasi tomonidan maishiy chiqindi tashish xizmati boʻyicha fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarni doimiy ravishda oʻrganish va tahlil qilish ishlari olib borilmoqda.
Jumladan, Fargʻona viloyatida sanitar tozalash korxonalari tomonidan 871 ta MFYlar (3148,9 ming aholi)ga chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlari koʻrsatib kelinmoqda. Mazkur raqamlar shuni koʻrsatadiki, bu xizmatlar viloyatning 82 % mahallasi yoki 77,4 % aholisini qamrab olgan.
Oʻrganish jarayonida, 2023-yil hamda 2024-yilning 6 oyi davomida chiqindi tashish xizmatini koʻrsatish uchun iste’molchi abonentlar-xonadonlarga hisoblangan qarzdorlik summalari va ularga turli sabablar natijasida chiqindi tashish xizmatlarining koʻrsatilmaganlik vaqtlari uchun hisoblanib kelinayotgan qarzdorlik summalari tahlil qilindi.
Tahlil natijalariga koʻra, 2023-yilda iste’molchi abonentlar xonadonlariga hisoblangan qarzdorlik summalari tarkibidagi koʻrsatilmagan xizmatlar qismi uchun nomuayyan doiradagi 767 068 ta xonadonlarda yashovchi 3 141 658 nafar iste’molchiga jami 30 mlrd soʻmdan ortiq qarzdorlik hisoblanganligi hamda ushbu koʻrsatkichlar 2024-yiling 6 oyi davomida 784 095 ta xonadonlarda yashovchi 3 146 985 nafar iste’molchiga jami 10 mlrd soʻmga yaqin qarzdorlik hisoblanganligi ma’lum boʻldi.
Yuqoridagilarga koʻra, Qo‘mitaning Fargʻona viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan xizmat koʻrsatuvchi subyektlar iste’molchilarga ushbu xizmat turini koʻrsatilishi davomida Oʻzbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni 21-moddasi talablarini (shartnomaning iste’molchi huquqlarini cheklab qoʻyadigan shartlari haqiqiy emasligi, ya’ni sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qoʻshimcha tovarlar sotib olishga yoki qoʻshimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek koʻrsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas) buzganligi aniqlanib, oʻtgan vaqt davomida jami hisoblangan 40 mlrd soʻmdan ortiq asossiz qarzdorliklar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilib berilishi ta’minlandi.