Mamlakatimizning barcha hududlarida investitsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda, yana sarmoyalar kirib kelmoqda. Bunga asos – yangi O‘zbekistonga bo‘lgan ishonch.
Namangan viloyatida ham umumiy qiymati 4 milliard dollarlik 47 loyiha shakllantirilgan. Shundan 2 milliard 300 million dollarlik 17 tasi davlatimiz rahbariga taqdimot qilindi.
Ularga Rossiya, Xitoy, Turkiya, BAA, Fransiya, Germaniya, Avstriya, Italiya, Niderlandiya, Eron, Pokiston kabi mamlakatlar kompaniyalari investitsiya kiritmoqda. Loyihalar qurilish materiallari, elektr texnikasi, kimyo, to‘qimachilik, oziq-ovqat, farmatsevtika, tibbiyot, konchilik, baliqchilik va boshqa tarmoqlarni qamrab olgan.
Masalan, Xitoy bilan hamkorlikda Chust tumanida mis qazib olish va qayta ishlash, pokistonlik investor tomonidan To‘raqo‘rg‘on tumanida sintetik mato ishlab chiqarish va bo‘yash, Avstriya kompaniyasi bilan viloyat travmatologiya markazini jihozlash rejalashtirilgan.
Mazkur 47 ta loyiha natijasida 40 mingdan ortiq aholi ish bilan ta’minlanadi.
Davlatimiz rahbari investor va tashabbuskorlar bilan birma-bir suhbatlashdi. Loyihalarning iqtisodiy samaradorligi muhokama qilinib, ularni jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.