2023-yil 28-fevral kuni bakiroo Telegram kanalida e’lon qilingan “Yandex Go O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tganmi o‘zi va nega Yandex Go monopolistlar reyestrida yo‘q?” sarlavhali postiga Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining RASMIY MUNOSABATI
Qo‘mita tomonidan taksi agregatorlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar bozorida to‘laqonli tahlil o‘tkazilish 2022-yil oktabr oyidan boshlagan bo‘lib, mutasaddi vazirliklar va tashkilotlarga so‘rov xatlari yuborilgan. Shuningdek, tahlillar jarayonida 2022-yil noyabr oyida YANDEX kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi va unda YANDEX kompaniyasi tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar narxlarining shakllantirish usullari va “Yandeks” ilovasi foydalanuvchilarining murojaatlari va shikoyatlarini ko‘rib chiqish, haydovchilar bilan o‘rnatiladigan munosabatlar yuzasidan tushuntirish va ma’lumot berdi.
Shu bilan birga, Qo‘mita tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Raqobat va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchiligi talablari haqida hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifatini yanada oshirish bo‘yicha kompaniya vakillariga tegishli tavsiyalar berildi. Aholi fikrini atroflicha o‘rganish maqsadida, Qo‘mitaning saytiga so‘rovnoma ham joylashtirildi.
Yandex kompaniyasi mamlakatimizda yuridik shaxsni tashkil etmaganligi masalasi Qo‘mitaning vakolatiga kirmaydi. Ammo, ushbu masalada O‘zbekiston Respublikasining vakolatli organlarining kelishilgan izchil harakatlariga ehtiyoj mavjud. Shu bilan birga, bugungi kunda deyarli barcha global raqamli platformalar mamlakatimizda alohida yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tmaganligiga qaramasdan mahalliy iste’molchilarga o‘z xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda.
Ma’lumot uchun: Soliq qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra 2021–yilda YANDEX kompaniyasi barcha xizmatlari uchun 256 mln so‘m soliq to‘lagan.
Ushbu holat ularning faoliyatini monopoliyaga qarshi tartibga solishda ma’lum qiyinchiliklarni tug‘dirmoqda, shu jumladan, tahlil qilish nuqtai nazaridan ham. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 20-avgustdagi 230-son qarori bilan tasdiqlangan Tovar va moliya bozorida xo‘jalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining ustun mavqeini e’tirof etish hamda Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeyini egallab turgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning davlat reyestrini yuritish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq, tegishli bozorni o‘rganishda monopoliyaga qarshi organ davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlaridan tegishli ravishda ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi, xo‘jalik yurituvchi subyektning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi va boshqa zaruriy ma’lumotlarni so‘rab olishi belgilangan.
Ma’lumot uchun: raqamli platformalarning ushbu jihati, ularning faoliyatini tartibga solish masalalari o‘ziga xosligini inobatga olib, ishlab chiqilgan “Raqobat to‘g‘risidagi” yangi qonun loyihasida raqamli platformalarga doir maxsus normalar aks ettirilgan va bugungi kunda ushbu loyiha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullanib Senatga kiritilgan.
Shunga qaramasdan, 2023-yil fevral oyida Yandex Go xizmati ta’sischilari YANDEX N.V. (Schiphol Boulevard 1651118 BG, Schiphol, The Netherlands), Yandex Europe AG (Werftestrasse 4, CityBay Business Center, CH – 6005 Lucerne, Switzerland), Ridetech International B.V. (Schiphol Boulevard 165, 1118 BH, Schiphol, Netherlands) kompaniyalariga so‘rovlar jo‘natilgan.
Bunda, ushbu kompaniyalardan Yandex Go xizmatiga doir haydovchi (biznes foydalanuvchi) va mijoz (oxirgi foydalanuvchi) sifatida dastur foydalanuvchilarining soni, tranzaksiyalar va yo‘lovchi tashishlarining umumiy soni, Yandex Go servisining yo‘lovchi tashish xizmatlari bo‘yicha yalpi tushum (Gross merchandise volume -GMV) hamda Yandex Go xizmati va taksi parklari tomonidan olinadigan komissiya miqdorlari va taqsimoti bo‘yicha 2022-yilga doir ma’lumotlar so‘ralgan.
Tahlil natijalari Qo‘mita tomonidan ommaviy axborot vositalari orqali qo‘shimcha e’lon qilinadi.
Shu bilan birga, Qo‘mita mustaqil ekspertlar va blogerlarni davlat organlarini ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlarni, shaxsiy fikrlarini tarqatmaslikka chaqiradi va ma’lumotlarni e’lon qilinishidan oldin Qo‘mita bilan hamkorlikda konstruktiv ishlash imkoniyati mavjudligini yana bir eslatadi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Axborot xizmati