2023-yil dekabr oyida Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasining VII yig‘ilishi tadbirlari doirasida 2023-yilning 26-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bilan Turkiya Raqobat organi o‘rtasida raqobat siyosati sohasida o‘zaro anglashuv hamda hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolangan edi.
Mazkur memorandum doirasida raqobat siyosati va monopoliyaga qarshi kurashish sohasida hamkorlik qilish ko‘zda tutilgan.
Shu munosabat bilan, Qo‘mita hamda Turkiya Raqobat organi o‘rtasida “O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bilan Turkiya Raqobat organi o‘rtasida raqobat siyosati sohasida o‘zaro anglashuv hamda hamkorlik to‘g‘risida”gi memorandumda belgilangan tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi imzolandi.
Jumladan, ushbu chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, insofsiz raqobat amaliyotlari, til biriktirishlar va kartel kelishuvlarini aniqlash va ularni bartaraf etish, raqamli bozorlarda raqobat qonunini qo‘llash, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish, narxlar va tariflarni nazorat qilish, iqtisodiy konsentratsiya va iqtisodiyotda davlat ishtirokini nazorat qilish, raqobatni cheklash holatlarini aniqlash va ta’sir choralarini qo‘llash tezkorligini oshirish maqsadida tomonlar faoliyatida innovasion ishlanmalar va axborot texnologiyalarini tatbiq etish bo‘yicha tajriba almashish nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, mazkur chora-tadbirlar rejasida o‘quv tashriflari va xodimlarmalakasini oshirishga qaratilgan uchrashuvlar, konferensiyalar va o‘quv amaliyotlarini tashkillashtirish belgilangan.