2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarga muvofiq aholining hayot darajasini yanada yuksaltirish, taʼlim sifatini ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish hamda kambag‘allikni qisqartirish borasidagi islohotlarimizni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 28 fevraldagi PF-27-son Farmoni bilan 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi qabul qilindi.
Qo‘mita tomonidan Vazirlar Mahkamasiga 2023 yil Davlat dasturiga kiritish bo‘yicha takliflar yuborilgan va yuqorida berilgan takliflar asosida Davlat dasturida bozorlarda yangi ishtirokchilarning kirib kelishidagi mavjud to‘siqlarni bartaraf etish orqali raqobatni rivojlantirish maqsadida:
1. Raqobatni cheklovchi mutlaq (eksklyuziv) huquqlarni bekor qilish bo‘yicha taklif ishlab chiqish;
2. Kamida 2 ta tovar bozorida raqobatni rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish;
3. Tarmoqlarni tartibga solishda yuridik shaxslar birlashmalarining bozorlardagi raqobatga salbiy taʼsirini cheklashga qaratilgan qoidalarni ishlab chiqish kabi vazifalar belgilangan.
Mazkur davlat dasturidagi topshiriqlarni ijrosini taʼminlash maqsadida ayni paytda raqobatni cheklovchi mavjud eksklyuziv huquqlar tahlil qilinib, tahlil yakunlari bo‘yicha ayrim xo‘jalik yurituvchi subʼektlarga berilgan eksklyuziv huquqlar ro‘yxati va ularni bekor qilish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.
Shuningdek, mazkur chora-tadbirlarni tasdiqlash va amalga oshirish maqsadida Prezident farmoni loyihasi “Raqobat muhitiga salbiy taʼsir ko‘rsatadigan to‘siqlarni bartaraf etish va tadbirkorlik faoliyati yo‘nalishlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” (ID-72751) tayyorlanib, tegishli vazirlik va idoralarga kelishish uchun kiritilgan. Hozirda vazirlik va idoralarning taklif va eʼtirozlari olinib, ular asosida loyiha qayta ishlanmoqda.
Bundan tashqari, Qo‘mita tomonidan tegishli bozorlar tahlil qilinmoqda va ular orasidan tovar bozorida raqobatni rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.
Tarmoqlarni tartibga solishda yuridik shaxslar birlashmalarining bozorlardagi raqobatga salbiy taʼsirini cheklashga qaratilgan qoidalarni ishlab chiqish maqsadida xorijiy tajribalar o‘rganilmoqda.