O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning taklifiga binoan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun 13-oktabr kuni amaliy tashrif bilan Bishkek shahrida bo‘ladi.
Sammit tadbirlari davomida MDH doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, innovatsiyalar, raqamlashtirish, transport, ta’lim, madaniyat va boshqa sohalarda qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Davlat rahbarlari xalqaro kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashadilar.
Yig‘ilish yakunida Hamdo‘stlik doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga doir qator bitim va qarorlarni qabul qilish ko‘zda tutilgan.