“Yas-Petrolium Trade” MCHJga (“Li Auto” avtomashinalari reklamasida) qonunbuzilish holati yuzasidan moliyaviy jarima qo‘llanildi
Raqobat qo‘mitasining Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan olib borilgan monitoringlar natijasida “Yas-Petrolium Trade” MCHJ faoliyatida reklama qonunchiligi talablariga rioya etilmaslik holati aniqlandi.
Xususan, kompaniyaning rasmiy telegram kanali va instagram sahifasida “Li Auto” ni rasmiy dileri ekanligi bo‘yicha yolg‘on va chalg‘ituvchi reklamalar joylashtirilganligi aniqlandi.
Buning natijasida iste’molchilarda chalg‘ituvchi tasavvur shakllangan va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar asosida qaror qabul qilish ehtimoli vujudga kelgan.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan Namangan viloyati hududiy boshqarmasining Maxsus komissiyasi tomonidan “Yas-Petrolium Trade” MCHJga nisbatan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning tegishli moddalari talablari buzilishi yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatma berildi.
Raqobat qo‘mitasi barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlarni amaldagi qonunchilikka rioya qilish, ayniqsa reklama faoliyatida aniq, oshkora va xolis ma’lumotlar taqdim etishga chaqiradi.








