Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-martdagi 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Birja savdolarida yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni sotish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 29-bandiga muvofiq, Monopoliyaga qarshi kurashish organi doimiy ravishda birja narxlari monitoringini o‘tkazib borishi belgilangan.
Andijon viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan monitorning natijasida, “VODIY SANOAT FAXRI” MCHJ tomonidan 2023-yil avgust-dekabr va 2024-yil fevral oyida 56-holatda 2 400 tonnadan ziyod 42.5 mlrd so‘mga yaqin paxta tolasi mahsuloti tasdiqlangan muddatlar va hajmlarda birja savdolariga qo‘yilmasdan “SOF TEX” MCHJga to‘g‘ridan to‘g‘ri tuzilgan shartnomalarga asosan sotilganligi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, ushbu mahsulotni 2023-2024-yillar davomida sotish kunlaridagi narxi bilan 2023-2024-yillar davomida birja savdolarida shakllangan o‘rtacha birja kotirovka narxlari bilan taqqoslanganda 3 ta holatda mahsulot narxlarini yuqori qo‘llash natijasida jami 152 mln so‘mga yaqin miqdorda tafovut (farq) holatlari aniqlandi.
Bundan tashqari, klaster korxona tomonidan turli navli 361 tonna birja savdolarida shakllangan o‘rtacha birja kotirovka narxlari bilan taqqoslanganda jami 14 ta holatda mahsulot narxlarini birja kotirovka narxlariga nisbatan past narx qo‘llash natijasida jami 1,3 mlrd so‘mga yaqin farq aniqlandi.
Ma’lumot o‘rnida. Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomiga muvofiq, “Yuqori likvidli va (yoki) monopol mahsulotlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha sotish” harakatlari manipulyatsiya deb hisoblanadi. Yuqoridagilarga muvofiq, Andijon viloyati hududiy boshqarmasining Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilishi alomatlari bilan “VODIY SANOAT FAXRI” MCHJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda tegishli ta’sir chorasi qo‘llanildi.