Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Toshkent viloyat hududiy boshqarmasi Nurafshon shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro J.D.ning uy-joy bo‘yicha yo‘llagan murojaatini o‘rganib chiqdi. Xususan, murojaatda fuqaro uy-joy sotib olish uchun “NURAFSHON CITY HOUSE” MChJ bilan shartnoma imzolagani,unga ko‘ra boshlang‘ich badal va tasdiqlangan to‘lov grafigiga asosan 2023 yil oktyabr oyiga qadar jami 187 mln 112 ming 500 so‘m pul mablag‘larini to‘laganini bildirgan. Ammo mazkur uy-joy shartnoma shartlariga ko‘ra 2022 yil 31 noyabr sanasiga topshirilmagan. Oradan ikki yil vaqt o‘tsa hamki, qurilish ishlari nihoyasiga yetkazilmay qolgan. Fuqaroning quruvchi tashkilotiga qilgan murojaatlariga turli bahonalar bilan pulini qaytarib bermay ovora qilishgan.Shundan so‘ng fuqaro shartnomadan voz kechishga qaror qilgan.
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, ishni bajarish, xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma shartlari buzilgan taqdirda iste’molchining huquqlari Ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart.
Shuningdek, agar ijrochi shartnomani ijro etishga o‘z vaqtida kirishmasa yoki shartnomaning belgilangan muddatda bajarilmasligi ayon bo‘lib qolsa, iste’molchi ishni bajarish, xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomadan voz kechishga va yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqli.
O‘rganish ishlari natijasida 3 xonalik uyni xarid qilish uchun tuzilgan paychilik shartnomasi bekor qilindi unga to‘langan jami 188 mln 112 ming so‘mdan ortiq mablag‘ “NURAFSHON CITY HOUSE” MChJ tomonidan qaytarib berilishi ta’minlandi.