2024-yilning birinchi besh oyi davomida, Raqobat qo‘mitasi tomonidan tovar yoki moliya bozorlarida xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ustun mavqeini e’tirof etish bo‘yicha keng qamrovli tahlillar o‘tkazildi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, 6 ta korxona turli tovar va xizmatlar bo‘yicha ustun mavqega ega deb e’tirof etildi. Xususan,
“Temiryo‘lekspress” va “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJlar (shaxslar guruhi sifatida) temir yo‘llar orqali yo‘lovchi tashish xizmatida;
“Shahar atrofida yo‘lovchi tashish” MChJ shahar atrofi bo‘ylab yo‘lovchi tashish xizmatida;
“JV Continaz” MChJ formalin mahsulotida;
“Indorama Kokand fertilizers and chemicals” hamda “Farg‘onaazot” AJlar (shaxslar guruhi sifatida) superfosfat mahsulotida;
“Farg‘onaazot” AJ karbamid mahsulotida;
“Gazli Gas Storage” MCHJ QK tabiiy gazni yer ostiga quyish, saqlash va tortib olish xizmatida ustunlikka ega deb topildi.
Shu bilan birga, “Interterminal” MCHJ QK temir yo‘l liniyasini ijaraga berish xizmati bo‘yicha ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etildi.
Mazkur tahlil natijalari, O‘zbekiston iqtisodiyotining turli sektorlarida raqobat muhitini yanada chuqur tushunish va o‘rganish imkonini beradi. Shuningdek, bu jarayonlar tadbirkorlik subyektlariga o‘z faoliyatlarini qayta ko‘rib chiqish va strategiyalarini yangilash imkoniyatini yaratadi. Natijada esa, bu holat iqtisodiyotimizning turli tarmoqlarida yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, mahsulot va xizmatlar sifatining oshishiga va umuman mamlakatimizning global iqtisodiyotdagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.