Toshkentda beshinchi Xalqaro PLAS-Forum «Digital Uzbekistan 2025» bo‘lib o‘tdi. Bu Markaziy Osiyoning raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga bag‘ishlangan eng yirik tadbirlaridan hisoblanadi. Mazkur forum ko‘lami bo‘yicha rekord o‘rnatib, unda 36 ta davlatdan (AQSH, Xitoy, Germaniya, Fransiya, Italiya, Turkiya, BAA, Portugaliya, Singapur, Janubiy Koreya, Boltiqbo‘yi davlatlari, MDH va boshqa qator davlatlar) 2 000dan ortiq delegatlar ishtirok etdi. Konferensiyada 150dan ziyod spikerlar chiqish qildi, 100dan ortiq kompaniya esa o‘z raqamli yechimlari, mahsulotlari va servislarini taqdim etdi.
Forum doirasida O‘zbekistonda raqamli transformatsiya jarayonlari, bank sektori, elektron tijorat va zamonaviy chakana savdo masalalari muhokama qilindi. Ushbu sohalarning o‘zaro bog‘liqligi va milliy iqtisodiyot o‘sishini jadallashtirishdagi o‘rniga alohida e’tibor qaratildi.
Forumda, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi vakillari ham nutq so‘zladilar.
Elmurat Xaitmetov, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i moliyaviy xizmatlar sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro eng yaxshi amaliyotlarga asoslangan standartlarni ishlab chiqish va joriy etish hamda ularni yaqin vaqt ichida O‘zbekistonning bir qator banklarida tajriba tariqasida sinovdan o‘tkazilishi rejalashtirilgani haqida ma’lumot berib o‘tdi. Bu esa iste’molchilar shikoyatlari bilan ishlash sifatini oshirish va ular bilan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikning oshkoraligini ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Liya Grauberger – Germaniya xalqaro hamkorlik bo‘yicha jamg‘armasi (German Sparkassenstiftung for International Cooperation)ning “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va raqobat” yo‘nalishi rahbari Qo‘mita taklifi bilan forumda ishtirok etib, rivojlangan davlatlar amaliyotida qo‘llaniladigan, moliyaviy xizmatlar sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchilar kodekslari haqida batafsil ma’lumot taqdim etdi.
Javlonbek Isroilov – Raqamli platformalarni tartibga solish bo‘yicha ishchi guruhi vakili sifatida raqamli platformalarni monopoliyaga qarshi tartibga solishning yangi huquqiy mezonlari, Qo‘mita tomonidan raqamli platformalar sohasini tartibga solishda qo‘llayotgan (ex-ante) yondashuvga — ya’ni nohalol amaliyotlarni sodir bo‘lishining oldini olish haqida ma’ruza qildi. Shuningdek, raqamli platformalar operatorlarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-maydagi 256-sonli qarori 2-ilovasining 9-bandiga muvofiq, ustun mavqe yuzasidan belgilangan mezonlarga erishilgani haqida Qo‘mitani o‘z vaqtida xabardor qilishga chaqirdi.