Joriy yilning 2-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 21.10.2020-yildagi “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6084-son Farmoni va boshqa davlat tiliga oid normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati, tashkilotlarda davlat tilida ish yuritish, bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga bagʻishlangan seminar-trening tashkil qilindi.
Unda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining birinchi oʻrinbosari Asadulla Urolovich Qayumov, Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi direktori Inomjon Azimov, Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi direktori Azizjon Iminov, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining rais maslahatchisi Goʻzal Qodirova, Qoʻmita va Agentlikning markaziy apparat xodimlari markaziy studiyadan, Qoʻmitaning hududiy boshqarma xodimlari esa masofadan zoom platformasi orqali ishtirok etishdi. Tadbirda Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan nashr qilingan kitoblar taqdimoti ham oʻtkazildi.
Savol-javoblarga boy tarzda oʻtgan ushbu seminarda xodimlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Tadbirning ikkinchi qismida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2020 — 2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2020-yil 14-dekabrdagi 781-son qaroriga asosan Qoʻmita markaziy apparatida oʻtkazilgan “Eng faol kitobxon” tanlovida faol ishtirok etgan xodimlar taqdirlandi.