Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi va «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablariga rioya qilinishi bo‘yicha joriy yil 1-choragi davomida 526 ta lot bo‘yicha jami 209,31 milliard so‘mlik tanlov va tender savdolarida o‘rganish ishlari olib borilgan.
O‘rganishlar davomida 82 holatda tanlov-tender savdolarida yuqoridagi qonun talablariga rioya qilinmagani aniqlangan.
Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan xaridlar sohasiga bog‘liq ariza va murojaatlar yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish natijasida 17 ta 10,97 mlrd. so‘mlik lotlardagi tanlov-tender savdolarida qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Ushbu qonunbuzilish holatlari bo‘yicha hududiy boshqarma tomonidan 16 ta tanlov-tender savdolari bo‘yicha ish qo‘zg‘atish to‘g‘risida ajrimlar chiqarilgan hamda boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan tegishli qaror va ko‘rsatmalar berilgan. Mazkur qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan 14 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli sudlarga yuborilgan.
Bundan tashqari huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 21 ta talabnoma va xatlariga asosan tanlov va tender savdolarining qonuniyligi yuzasidan 278 ta lot, jami 61,91 mlrd. so‘mlik tanlov-tender savdolari yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazilgan bo‘lib, 12,76 mlrd. so‘mlik qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Aniqlangan qonunbuzilishlar to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim qilingan.
Xususan, Qarshi shahar obodonlashtirish boshqarmasi va “Sulton media Plus” MCHJ o‘rtasida Qarshi shahrida markaziy archa tayyorlash va o‘rnatish ishlari uchun 2022 yil 30 noyabrda 2 milliard so‘mlik shartnoma tuzilgan. Mazkur shartnoma Qarshi shahar g‘aznachilik bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tmagan. Qarshi shahar obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan 2022 yil 30 noyabrda 2 milliard so‘mlik “Sulton media Plus” MCHJ bilan tuzilgan shartnoma tanlov-tender savdolarini amalga oshirmagan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirilgan.
Ushbu holatlarga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzilib, Qarshi shahar obodonlashtirish boshqarmasiga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, Qamashi tumani tibbiyot birlashmasi buyurtmachiligida Davlat xaridlari maxsus axborot portalida 2023 yil 13 yanvarda 300 mln. so‘mlik tayyor issiq ovqat yetkazib berish xizmati uchun tanlov savdolari o‘tkazilgan. Tanlovda ishtirok etish uchun 3 ta talabgor «Osiyo Nafis» MCHJ, «Ravshanbek ulgurji savdo ta’minot» XK va «Qorasuv asl chorvasi» MCHJlar taklif taqdim etgan. «Osiyo Nafis» MCHJ yakuniy natijaga ko‘ra tanlov g‘olibi bo‘lgan.
Ushbu o‘tkazilgan tanlov savdosida Qamashi tumani tibbiyot birlashmasi tomonidan taqdim qilingan hujjatlarni baholash jarayonida noxolislikka yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
Mazkur aniqlangan qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan Qamashi tumani tibbiyot birlashmasiga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, tegishli qaror va ko‘rsatmalar berilgan hamda ushbu holatlarga yo‘l qo‘ygan xodimga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan.
Qashqadaryo viloyat 18-ko‘rish bo‘yicha imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasasi buyurtmachiligida Davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portaliga 2022 yil 27 iyulda ta’lim muassasasini joriy ta’mirlash hamda 2022 yil 19 dekabrda ma’muriy binoni joriy ta’mirlash bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov savdosining qonuniyligi viloyat prokuraturasining talabnomasiga asosan o‘rganilgan.
Ushbu o‘tkazilgan tanlov savdosida davlat ta’lim muassasasi tomonidan baholash jarayonida ishtirokchilar tomonidan bir xil hujjatlar taqdim qilingan bo‘lsada, baholash jarayonida noxolisliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
Hududiy boshqarma tomonidan mazkur holatlar bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan hamda tegishli qaror va ko‘rsatma berilgan, qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan xodimga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan.