Raqobat qo‘mitasining Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasiga Guliston shahrida faoliyat yuritayotgan korxonalar murojaat qilib, elektr ta’minoti korxonasi tomonidan asossiz qarzdorlik hisoblangani yuzasidan murojaat qoldirishgan.
Hududiy boshqarma masalaga oydinlik kiritish maqsadida “KRIOGEN-SERVIS” MCHJga hisoblangan 93 035 577 so‘m va “BISTRO LAZZAT” OKga qo‘yilgan 3 180 267 so‘m miqdoridagi qarzdorlikni qayta hisob-kitoblar orqali o‘rganib chiqdi.
O‘rganishlarda mazkur xizmat ko‘rsatuvchi korxona tomonidan foydalangan elektr energiyasi uchun o‘z vaqtida to‘lov qilib borilgani, ammo ularga nisbatan tariflarni asossiz oshirilgan holda “KRIOGEN-SERVIS” MCHJga 86 300 129.5 so‘m va “BISTRO LAZZAT” OKga 3 180 267 so‘m qarzdorlik ortiqcha hisoblangani ma’lum bo‘ldi.
Xususan, elektr ta’minoti korxonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 18-moddasi 1-qismi talablari buzilishi bilan ustun mavqega ega bo‘lgan tabiiy monopoliya subyekti hisoblanuvchi “HUDUDIY ELEKTR TARMOQLARI” AJ Sirdaryo filiali Guliston shahar elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan ustun mavqeni suiiste’mol qilish holatlari sodir etilganligi aniqlandi.
Ushbu holat “HUDUDIY ELEKTR TARMOQLARI” AJ Sirdaryo filiali Guliston shahar elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan ixtiyoriy ravishda bartaraf etilib, jami hisobda 90 mln so‘mga yaqin asossiz qarzdorlik qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.