O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasiga Qarshi shahri, “Ravoq” MFYda faoliyat olib borayotgan “Faxriddin qizi Sa’diyaxon nonlari” OK (oilaviy korxona) rahbari J.F. “Hududgaz Qashqadaryo” gaz ta’minoti filiali faoliyatidan norozi bo‘lib murojaat yo‘lladi.
Non mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan oilaviy korxonaga gaz ta’minoti uchun chiqarilgan noreal qarzdorlikni bartaraf etish maqsadida 2 oydan ortiq vaqt davomida “Hududgaz ta’minoti” Qarshi shahar filialiga murojaat yo‘llashiga qaramasdan muammo ijobiy hal etilmaganligi haqida murojaat etgan.
Tadbirkor hududiy boshqarmaga murojaat yo‘llagandan so‘ng, boshqarma mutaxassislari hamda murojaatchining o‘zi ishtirokida o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish ishlari davomida ma’lum bo‘ldiki, mazkur oilaviy korxonaning zamonaviy elektron gazni hisoblash uskunasiga 2023-yil may oyidan tabiiy gaz hajmlarini hisoblash “Hududgazta’minot Korporativ tizimi” dasturi ulangan bo‘lib, uning yordamida sarflangan kunlik, oylik tabiiy gaz hajmlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar masofadan turib dasturga uzatilib borilgan. Ushbu jarayonda hisoblagichdan kelgan gaz hajmi texnik xatolik sababli 12435 m3 tabiiy gaz qo‘shimcha gaz hajmlari dasturga inson omilisiz hisoblanib ketish holatlari aniqlangan. Bu bilan “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi Qonunning 15-16-modda talablariga rioya etilmagan.
Natijada, “Hududgaz Qashqadaryo” gaz ta’minoti filiali tomonidan ixtiyoriy ravishda Qarshi shahri “Faxriddin qizi Sa’diyaxon nonlari” OKga asossiz hisoblangan 11 240 196 so‘m qarzdorlik “Hududgazta’minot Korporativ tizimi” dasturidan chiqarildi va tadbirkorga hisoblangan noreal qarzdorlik mablag‘i qaytarilishi ta’minlandi.