O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga AYOQShlarida sotilayotgan yonilg‘ilarning ba’zilari standart talablarga mos emasligi oqibatida avtomobil dvigatellarining nosoz holatga kelayotgani haqida minglab shikoyatlar kelib tushmoqda, shuningdek, ushbu mavzu ijtimoiy tarmoqlarda ham aholi o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Raqobat qo‘mitasi ichki iste’mol bozorida sifatsiz, iste’molga yaroqsiz benzin, dizel kabi mahsulotlar sotilishining oldini olish maqsadida hamkorlikda muntazam nazorat tadbirlarini tashkil etib kelmoqda.
Xususan, Qo‘mita 2024-yilning yanvar-aprel oylari davomida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi “O‘ZENERGOINSPEKSIYA” bilan hamkorlikda mazkur holat yuzasidan respublikamizning 50 ga yaqin avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida sotilayotgan benzinlarning sifatini o‘rganish uchun nazorat xaridini o‘tkazdi.
Laboratoriya tahlillari xulosasiga ko‘ra, Ai-92 va Ai-95 markali sotilgan sifatsiz benzinlar 15 ta AYoQShlarga tegishli ekanligi ma’lum bo‘ldi. Misol tariqasida: Samarqand viloyatining 12 ta xizmat ko‘rsatuvchi shoxobchalari “GULOBOD OIL SERVICE”, “RUSTAM GAZ OIL” va “AZAMAT GAZ SERVIS” HAMDA “JONIBEK MOBILE”, “SAMARQAND LADA”, “KUTFI BOBO”, “SAM MEGA PETROLEUM”, “ECO STANDART SERVICE”, “BOG‘IZAG‘ON ABDUGAFFOR”, “GULOBOD GAZ SERVIS”, “SHUXRAT”, “RAVOT GAZ SOY” kabi o‘nlab MCHJlarni keltirib o‘tish mumkin.
Shuningdek, Farg‘ona viloyatining “FERNOVAGAZ” MCHJ, Surxondaryo viloyatining “BEK BARAKA 777” XK va Namangan viloyatining “XONABOD 2000” xizmat ko‘rsatuvchi shoxobchalarining benzinlari ham sifatsiz ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur nazorat xaridlari natijasida yuqorida nomlari keltirilgan xizmat ko‘rsatuvchi shoxobchalar tomonidan iste’molchilarga 201 mln. so‘mdan ortiq zarar yetkazilganligi aniqlandi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Qo‘mitaning hududiy organlari tomonidan iste’molchilarga yetkazilgan zararni qoplash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining tegishli moddasi talabi buzilishi holatlari bo‘yicha 15 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektga nisbatan o‘rnatilgan tartibda ish qo‘zg‘atilib, bajarilishi lozim bo‘lgan ko‘rsatmalar berilgan.
Ushbu ko‘rsatmalar natijasida 2139 nafar iste’molchilarning huquqlari tiklanib, ularning foydasiga tegishli tartibda pul mablag‘lari qayta hisob-kitob qilib berilshi ta’minlangan.
Qo‘mita tomonidan belgilangan talablarga javob bermaydigan va iste’molga yaroqsiz mahsulotlar sotilish holatlarini aniqlash yuzasidan nazorat xaridi tadbirlari belgilangan tartibda davom ettirish, aniqlangan holatlar bo‘yicha iste’molchilarni xabardor etish hamda qonun buzilishi holatlariga belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rish ishlari davom ettiriladi.
Ma’lumot o‘rnida. Raqobat qo‘mitasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida 2024-yilning o‘tgan davrida o‘tkazgan nazorat tadbirlarida 99 ta oziq-ovqat mahsulotlari, 49 ta yonilg‘i moylash materiallari va boshqa 12 ta mahsulotlar, jami 160 nomdagi mahsulotlardan namunalar xarid qilindi. Ekspertiza natijalariga ko‘ra, 26 nomdagi (16,2 foizida) mahsulotlar amaldagi texnik jihatdan tartibga solish hujjatlariga nomuvofiqligi aniqlangan va belgilangan tartibda choralar ko‘rilgan.