Bugungi kunda yurtimizda aholi yashashi uchun qulay bo‘lgan ko‘p qavatli xonadonlar qurilishi keng ko‘lamlarda olib borilmoqda. Lekin, ushbu sohada ham ayrim tadbirkorlar tomonidan iste’molchilar huquqlarini buzish holatlari kuzatilmoqda. Shu munosabat bilan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan ushbu yo‘nalishdagi murojaatlar qat’iy nazoratga olingan.
Jumladan, Surxondaryo viloyati Saraosiyo tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning uy-joy bo‘yicha yo‘llagan murojaatida iste’molchi uy-joy sotib olish uchun “Y.H.S” MCHJ bilan shartnoma imzolagani, unga ko‘ra boshlang‘ich badal va tasdiqlangan to‘lovga asosan 2018-yil iyun oyida 182 mln 700 ming so‘m pul mablag‘larini to‘laganini bildirgan. Ammo pudratchi mazkur uy-joy bo‘yicha shartnoma shartlarini qo‘pol ravishda buzib kelayotganligi, hozirgacha uyni foydalanishga topshirmaganligi va natijada fuqoro o‘zining huquqlari buzilib kelayotganligini bildirib, Raqobat qo‘mitasidan amaliy yordam so‘ragan.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart.
Shuningdek, agar ijrochi shartnomani ijro etishga o‘z vaqtida kirishmasa yoki shartnomaning belgilangan muddatda bajarilmasligi ayon bo‘lib qolsa, iste’molchi ishni bajarish, xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomadan voz kechishga va yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqli. O‘rganish ishlari natijasida, ko‘p qavatli uyni xarid qilish uchun fuqaro va “Y.H.S” MCHJ o‘rtasida tuzilgan shartnoma bekor qilindi, unga to‘langan jami 182 mln 700 ming so‘m mablag‘ “Y.H.S” MCHJ tomonidan murojaatchiga to‘lab berilishi ta’minlandi.