FUQARODAN SAVOL:
– Mahsulotning yorlig‘ida GOST nimani anglatadi?
JAVOB
O‘z DSt (GOST) – O‘zbekiston Respublikasi davlat standarti so‘zlarining bosh harflaridan olingan qisqartma hisoblanadi. Tegishli “DSt”lar ayrim sohalarda faoliyatning muayyan sohalariga ixtisoslashgan turli tashkilotlar tomonidan ishlab chiqiladi. Ishlab chiqilgan davlat standartlari O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan ro‘yxatga olinadi.
O‘z DSt muvofiqlik sertifikati O‘zbekiston Respublikasida mahsulot sifatini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi. Sertifikat mamlakat hududida amal qiladi va iste’molchilarning sifatsiz mahsulotlardan himoya qilish kafolati hisoblanadi. Mazkur hujjat, shuningdek respublikaga olib kirilayotgan mahsulotlardan ham talab qilinadi.
Davlat standartlari fan, texnika va amaliy tajribaning zamonaviy yutuqlarini qo‘llash asosida, xalqaro standartlar yoki ularning loyihalarini yangilanib borishini hisobga olgan holda o‘rnatiladi va qayta ko‘rib chiqiladi. Davlat standartlari bilan bir qatorda standartlashtirish bo‘yicha boshqa normativ hujjatlar ham mavjud.
O‘zbekiston Respublikasida standartlash bo‘yicha normativ hujjatlarning quyidagi turlari qo‘llaniladi:
- xalqaro standartlar (ISO, IEC va boshqalar);
- O‘zbekiston Respublikasi davlat standartlari;
- tashkilotlar standartlari;
- xorijiy davlatlar milliy standartlari.