Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 8-sentabr kuni tarmoq va hududlarda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni oshirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Iqtisodiyotga investitsiya va ilg‘or texnologiyalar faol jalb etilayotgani natijasida sanoat izchil rivojlanmoqda. Joriy yilning yetti oyida yurtimizda sanoat mahsulotlari hajmi 5,7 foizga o‘sib, 345 trillion so‘mga yetgan. Bu ko‘rsatkich elektr texnikasi sanoatida 46 foiz, yengil avtomobillarda 16 foiz, qurilish materiallari tarmog‘ida 12 foiz, tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarishda 11 foizni tashkil qilgan.
Ish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan joylarda ham o‘zgarish bo‘lmoqda. Xususan, sanoat ko‘rsatkichi Bandixonda 45 foiz, Kitobda 19 foiz, Qiziriqda 18 foiz, Kegeylida 14 foiz o‘sgan. Shu kabi 25 ta tuman va shaharda sanoat hajmi 10 foizdan ziyod ko‘paygan.
Umuman, yil boshidan buyon mamlakatimiz bo‘yicha 2 mingta yangi sanoat loyihasi ishga tushirilib, yil yakunigacha qo‘shimcha 1 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish imkoni yaratildi.
Misol uchun, “Pistali” oltin konida yangi metallurgiya zavodi muddatidan oldin quvvatga kiritilgani hisobiga, shu yilning o‘zida qo‘shimcha 840 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi. Zavoddagi qariyb 50 million dollarlik uskunalar sanoat kooperatsiyasi asosida o‘zimizda tayyorlangan.
Lekin, hamma tarmoq va hududda ham imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayapti. 34 ta tuman va shaharda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilga nisbatan pasaygan. Ayrim tarmoqlarda, jumladan, farmatsevtika, charm-poyabzal, to‘qimachilik sanoatida ishlab chiqarish va eksport sur’ati sekinlashgan.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, sohada yangi imkoniyat va zaxiralarni aniqlash uchun hududlarga ishchi guruhlar yuborilgan. Misol uchun, Toshloq tumanida 23 ta korxona quvvatlarini tiklash va 22 ta yangi loyihani tezlashtirish hisobiga yil yakunigacha qo‘shimcha 1 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish mumkinligi aniqlangan.
Yana bir imkoniyat – tumanlarda sanoat kooperatsiyasini kengaytirib, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish.
Masalan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mahalliy sanoat korxonalari bilan kooperatsiyani yo‘lga qo‘yib, polimer, quyma ehtiyot qismlar, kimyoviy reagent kabi 1 trillion so‘mlik mahsulotlar olmoqda. Xuddi shunday imkoniyatlar Andijon, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Xorazmda ham bor.
Ishlab chiqarish barqarorligidagi asosiy masalalardan biri – energiya ta’minoti. Shu bois Bosh vazir rahbarligidagi komissiyaga qo‘shimcha ishlab chiqarishni hisobga olgan holda, hududlarning oyma-oy energiya balansini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Sanoat korxonalarini oldindan xabardor qilmasdan turib, elektr ta’minotidan uzish mumkin emasligi qat’iy ko‘rsatib o‘tildi.
Yil yakunigacha 232 ta mahalliy sanoat korxonasida mahsulot hajmini oshirish, 210 ta yirik sanoat loyihasini to‘liq ishga tushirish zarurligi qayd etildi. Sanoat jamg‘armasidan samarali foydalanish, zarar ko‘rib ishlayotgan sanoat korxonalarini sog‘lomlashtirish, eksportchilarga transport jihatidan ko‘maklashish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda tarmoq rahbarlari va viloyat hokimlari yil yakunigacha mo‘ljallangan ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatkichlari, sanoat korxonalarini kuz-qish mavsumida energiya resurslari bilan ta’minlash choralari bo‘yicha axborot berdi.