Ijtimoiy tarmoqlarda dorixonalarda o’tkazilgan tezkor reydlar natijasida «Yodomarin», «Kardiomagnil» va «Nimesil» dorilarining qalbaki turlari aniqlanganligi hamda Muxbir Daliyev kanali orqali “Berlin Chemie AG Menarini Group kompaniyasining «Dikloberl N» dori vositasini O’zbekistonda «Diklobiril Mr» nomi ostida «MERRYMED FARM» kompaniyasi savdoga chiqargan” nomli maqolalar e’lon qilingan.
O’zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan “MERRYMED FARM” MCHJ tomonidan Germaniyaning “Berlin-Xemi” kompaniyasining “DIKLOBERL” dori vositasini “DIKLOBIRIL-MR”, “NIMESIL” dori vositasini “MER NIMES”, Polshaning “Takeda Pharma AC” kompaniyasining “KARDIOMAGNIL” dori vositasini “MER KARDIMAGNIS” nomi ostida sotuvga chiqarilganligi to’g’risidagi ma’lumotga nisbatan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Monopoliyaga qarshi organ O’zbekiston Respublikasi “Raqobat to’g’risida”gi Qonunining 13-moddasiga asosan insofsiz raqobat holatlarini, shu jumladan intellektual mulk sohasidagi insofsiz raqobat holatlarini ko’rib chiqadi. Xususan, raqobatchi xo’jalik yurituvchi subyekt tomonidan O’zbekiston hududida qonuniy himoyada bo’lgan tovar belgiga o’xshash yoki adashtirib yuborish
darajasida o’xshash bo’lgan belgidan foydalanganlik holati, avval fuqarolik muomalasiga kiritilgan tovarni tashqi bezatilishini, shaklini, nomini, tamg’alanishini, etiketkasini, o’rovini, ranglar uyg’unligini, tovar belgisini takrorlash kabi holatlarda kuzatiladi.
Monopoliyaga qarshi organ vakolat doirasida ishni ko’rib chiqishda tovarning tarkibi yoki uning inson salomatligiga nojo’ya ta’siri kabi masalalarni bevosita o’rganmaydi, agar murojaatni ko’rish jarayonida tovarning tarkibi bo’yicha shubha yoki biror ma’lumot aniqlansa yohud inson salomatligiga nojo’ya ta’sir qilganlik holati aniqlansa, ushbu holatlarga huquqiy baho berish vakolati bo’lgan tegishli organga ish hujjatlari va ma’lumotlarni ko’rib chiqish uchun yuboradi. Shuningdek, ushbu dorilarning ta’siri bo’yicha Farmasevtika tarmog’ini rivojlantirish agentligi o’z munosabatini bildirgan.
Yuqoridagi holat bo’yicha, agar Germaniyaning “Berlin-Xemi” va Polshaning “Takeda Pharma AC” kompaniyalari o’zlarining intellektual mulk huquqidan “MERRYMED FARM” MCHJ tomonidan ruxsatsiz foydalanayotganligini bildirib, unga nisbatan tegishli huquqiy chora ko’rishni so’rab monopoliyaga qarshi organga murojaat etgan taqdirda ushbu murojaat belgilangan tartibda ko’rib chiqilishi ta’minlanadi.
Shu bilan birga ta’kidlash joizki, O’zbekiston Respublikasi “Dori vositalari va farmasevtika faoliyati to’g’risida” gi Qonunning 3-moddasiga ko’ra, O’zbekiston Respublikasida ro’yxatdan o’tkazilgan dori vositalarining g’ayriqonuniy nusxalari bu – intellektual mulk to’g’risidagi qonun hujjatlari buzilgan holda muomalaga kiritilgan dori vositalaridir.
O’z navbatida, O’zbekiston Respublikasi “Tovar belgilari, xizmat ko’rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to’g’risida”gi Qonunning
27-moddasiga ko’ra, tovar belgisidan yoki adashtirib yuborish darajasida u bilan o’xshash bo’lgan belgidan tovarlarda, tovarlarning etiketkalarida, o’rovlarida qonunga zid ravishda foydalanilganda ular kontrafakt hisoblanadi.
Amaldagi qonunchilikka ko’ra, dori vositalarining tibbiyot amaliyotida qo’llanilishiga, ular davlat ro’yxatidan o’tkazilganidan keyin ruxsat etiladi.
Dori vositalarini davlat ro’yxatidan o’tkazishda dori vositalari, tibbiy buyumlar o’tkazish hujjatlarini baholash doirasida ishlab chiqarish sharoitlarini, dori vositalarining normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini, sifati, samaradorligi va xavfsizligi, qo’llashda kutilayotgan samaraning inson salomatligi xavfi nuqtai nazardan sinovlardan o’tkaziladi.
O’z navbatida, “MERRYMED FARM” MCHJning yuqoridagi dori vositalari ham ushbu sinovlardan belgilangan tartibda o’tkazilgan holda davlat ro’yxatiga olingan. Biroq, O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligining “Dori vositalarini, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK tomonidan dori vositalarini ro’yhatdan o’tkazishda ularning nomi boshqa xo’jalik yurituvchi subyektning avval ro’yhatdan o’tkazgan dori vositasining savdo nomiga yoki tovar belgisiga o’xshash yoki adashtirib yuborish darajasida o’xshashligi tekshirilmaydi.
Buning natijasida qo’llanilishi bir xil bo’lgan dori vositalari o’xshash yoki adashtirib yuborish darajasida o’xshash nomlar bilan ro’yxatdan o’tkazilmoqda. Bu esa o’z navbatida, xo’jalik yurituvchi subyektlarning avval ro’yhatdan o’tkazgan tovar belgisiga bo’lgan huquqlarini buzilishiga va iste’molchilarning ushbu dori vositasini xarid qilishda chalg’ishiga olib keladi. Mazkur holat insofsiz raqobat holatlarini yuzaga keltiradi.
Monopoliyaga qarshi organ tomonidan tegishli murojaatlarga asosan shu kabi insofsiz raqobat holatlari belgilangan tartibda ko’rib chiqilib, ularni bartaraf qilish choralari ko’rib kelinmoqda.
Jumladan, Pokistonning “Nabiqasim Industries Pvt Ltd” kompaniyasining “KLEEN ENEMA” tovar belgisiga “KLINING ENEMA” ko’rinishida, Latviyaning “GRINDEKS, Akciju Sabiedriba” kompaniyasining “MILDPOHAT” tovar belgisiga “MILDROMED” nomi ko’rinishida, Islandiyaning “Actavis Group PTC enf” kompaniyasining “ALMAGEL” tovar belgisiga “ALYUMAGEL” nomi ko’rinishida, Germaniyaning “Sanofi-Aventis Deutschland GmbH” kompaniyasining “FESTAL/FESTAL” tovar belgisiga “UNI FESTAL” nomi ko’rinishida, Vengriyaning “CHINOIN Gyogyszer es Vegyeszeti Termekek Gyara Zrt.” kompaniyasining “NO-SHPA” tovar belgisiga “NOSH-PEN MR” ko’rinishida, Hindistonning “AJANTA PHARMA LIMITED” kompaniyasining “TRIMOL” tovar belgisiga “TURMOL” nomi ko’rinishida, Vengriyaning “Egis Gyogyszergyar Zrt” kompaniyasining “SUPRASTIN” tovar belgisiga “MR SUPRALGIN” nomi ko’rinishida, Shveysariyaning “Swiss Pharma International AG” kompaniyasining “Bobotik” tovar belgisiga “AKSAN BABOTIK” nomi ko’rinishida, Ukrainaning “YUriya-Farm” MCHJning “REOSORBILAKT” tovar belgisiga “REOSORBLAKTOL” ko’rinishida huquqlari buzilishi bo’yicha qilgan murojaatlari ko’rib chiqilib, tegishli choralar qabul qilingan.
Qo’mita tomonidan Sog’liqni saqlash vazirligiga dori vositalarini ro’yhatdan o’tkazishda ro’y berayotgan intellektual mulk bilan bog’liq qonunbuzilish holatlari to’g’risida, ayniqsa ushbu holatlar “MERRYMED FARM” MCHJ ishlab chiqarayotgan dori vositalarini ro’yxatdan o’tkazishda ko’plab uchrayotgani to’g’risida ma’lum qilingan.
Shu bilan birga, Qo’mita tomonidan tegishli vazirlik va idoralarga amaldagi qonunchilikka avval davlat ro’yxatidan o’tkazilgan va guvohnoma berilgan dori vositalari hamda tovar belgisiga ega bo’lgan dori vositalari bilan o’xshash yoki adashtirib yuborish darajasida o’xshashligini aniqlash yuzasidan ekspertizadan o’tkazgandan so’ng dori vositalarini davlat ro’yhatidan o’tkazish va guvohnoma berish nazarda tutuvchi o’zgartirish kiritish to’g’risidagi normativ huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish va vakolatli organga kiritish bo’yicha
takliflar berilgan.