Ommaviy axborot vositasi orqali Farg‘ona shahridagi “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozori”dagi do‘konlarda go‘sht va kolbasa mahsulotlari sanitariya-veterinariya talablariga zid ravishda, belglangan tartibdagi hujjatlarsiz sotilayotgani, shuningdek, bozorda muddati o‘tib ketgan mahsulotlar ham sotilayotgani tanqid ostiga olingan.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
O‘rganishlarda “Zo‘r” TV telekanali efirga uzatgan mazkur o‘rganish-monitoring ishlari viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgani, bozordagi do‘konlarda go‘sht va kolbasa mahsulotlari sanitariya-veterinariya talablariga zid, belgilangan tartibdagi hujjatlarsiz hamda yaroqlilik muddati o‘tib ketgan mahsulotlar sotilayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Hududiy boshqarma tomonidan Farg‘ona shahar “Baraka” ulgurji bozorida iste’molga yaroqsiz, sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlarning sotilishiga chek qo‘yildi, yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlar rastalardan olib tashlandi.
O‘rganish natijasiga ko‘ra, mazkur bozor hududida faoliyatlarini savdo qoidalari talablariga zid ravishda olib borayotga bir qator tadbirkorlik sub’ektlariga kelgusida bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha Qo‘mitaning Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan ogohlantirish xatlari berildi.