Ijtimoiy tarmoq orqali (https://t.me/NAMANGANLIKLAR_UZ/101442)
Namanganda benzin quyish shoxobchalarini nazoratga oladigan tashkilot bormi o‘zi? AI-80 markali benzinni shoxobchalar istagan narxini qo‘yib sotib yuribdi…” mavzuida post qoldirilgan.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Murojaat Raqobat qo‘mitasining Namangan viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqildi. Haqiqatan ham murojaatda bildirilganidek, 2023-yil 21-dekabr kuni Uychi tumani, Yuksalish MFY, Axsi ko‘chasida joylashgan “UYChI NEFT OIL” MChJga qarashli AYoQShda AI-80 markali benzinni qimmat narxlarda 8500 so‘mdan sotilgani ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, o‘rganishlar davomida ushbu AI-80 markali benzini (kod TN VED 2710124120) “MAXOIL” MChJ tomonidan “NPZ BAYEL-3” (Qirg‘iziston) korxonasidan 2023-yilda tuzilgan import shartnomaga asosan bojxona yuk dekloratsiyasiga (GTD A YEDS 286203) muvofiq olib kelingani va 3,832 tonnasi “UYChI NEFT OIL” MChJ tomonidan “MAXOIL” MChJdan 21.12.2023-yildagi hisob-varag‘iga asosan har bir kg 8810,9 so‘mdan sotib olinib, 1 litri 7538 so‘mdan to‘g‘ri kelgan hamda korxona xarajatlari (ish haqi, elektr energiya, eskirish va boshqa xarajatlar) va foyda hisob-kitobi asosida har bir litri 8500 so‘mdan sotilganligi aniqlandi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-apreldagi “Neft-gaz tarmog‘ining moliyaviy barqarorligini oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4664-sonli qarorida 2020-yil 1-maydan boshlab Ai-80 markali avtomobil benzini chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilingan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 8-moddasida tadbirkor o‘z tovarlarini (ishlarini, xizmatlarini), ishlab chiqarish chiqindilarini bozor konyunkturasidan kelib chiqib, mustaqil ravishda belgilanadigan narxlar va tariflar bo‘yicha yoki shartnoma asosida realizatsiya qilishga haqli deb ko‘rsatilgan.
Shu tartib-qoidaga asosan, “UYChI NEFT OIL” MChJga qarashli AYoQSh haqli bo‘lib, benzinning har bir litrini 8500 so‘mdan sotganligida qonunbuzilish holati mavjud emas.