O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Tovar-xom ashyo birjalari va iste’mol bozorlarida narxlarni nazorat qilish boshqarmasi tomonidan Bakiroo (https://t.me/the_bakiroo) telegram kanalida 2023-yil 1-oktyabrdagi “Zapravkalarda metangaz narxi oshdi, yuqori oktanli benzin narxi ham” sarlavhasi ostida muhokama qilinayotgan xabar bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qiladi.
Joriy yil boshidan bugungi kunga qadar birja savdolariga jami 848 ming tn avtomobil benzini qo‘yilgan bo‘lib, shundan AI-80-92 foizni, AI-91, AI-92, AI-95 va undan yuqori bo‘lganlari 8 foizni tashkil etadi.
Ta’kidlash joizki, benzin mahsulotlari ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tovarlar ro‘yxatiga kiritilmagan bo‘lib, uning narxi davlat tomonidan tartibga solinmaydi.
Shuningdek, import asosida 450 ming tn.dan ortiq avtomobil benzini olib kelingan bo‘lib, shundan AI-80 – o‘rtacha 70 foizni, AI-91, AI-92,
AI-95 va undan yuqori bo‘lganlari o‘rtacha 30 foizni tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasida jismoniy shaxslarga tegishli yengil avtomobillar soni 3,5 mlndan ortiqni tashkil etib, 65 foizi metangazda
va 35 foizi benzin va boshqa yoqilg‘ida harakatlanadi.
Bunda, AI-91, AI-92, AI-95 va undan yuqori bo‘lgan benzinda asosan qimmat turdagi avtomobillar harakatlanishini inobatga olib, bu umumiy ehtiyojning 9 foizini tashkil etadi.
Birja savdolariga qo‘yilgan AI-92 benzinining atigi 53 foizi va AI-95 benzinining 62 foizi sotilgan. Bunda, birja savdolariga qo‘yilgan AI-92
va undan yuqori markali benzinning:
– 35 foizi “BNQIZ” MChJ, “FNQIZ” MChJ va “SEG TASCO” MChJlarga tegishli bo‘lib, qo‘yilgan hajmning 83 foizi sotilgan;
– 65 foizi boshqa xususiy tadbirkorlarga (import benzin) tegishli bo‘lib, mahalliy benzinga nisbatan narxi qimmat bo‘lganligi sababli, qo‘yilgan hajmning atigi 38 foizi sotilgan.
Joriy yilning sentyabr oyida birja savdolarida AI-92 benzinining sotilish narxi 1 litr uchun o‘rtacha 9015 ming so‘mni tashkil etib, boshlang‘ich narxlarga nisbatan sotilishi 1 foizga oshgan.
Ichki bozorga AI-92 va undan yuqori markali benzin asosan import asosida olib kelinib, bunda asosiy importyorlar xususiy tadbirkorlar hisoblanadi.
Bugungi kunda, ichki va tashqi bozorlarda yuzaga kelgan quyidagi vaziyatlar, AI-92 va undan yuqori markali benzin narxlari oshishiga ta’sir etmoqda. Xususan,
– asosiy eksportyor davlatlarda, xususan Rossiyada (21.09.2023–yildan)
va Qozog‘istonda (21.11.2021–yildan) benzin eksporti cheklanishi;
– mahalliy AI-80 rusumli benzin va import AI-92 va undan yuqori markali benzin narxlari o‘rtasida tafovutning yuqoriligi, benzinni chetdan import qilishni kamayishiga olib kelgan;
– jahon birja savdolarida neft mahsulotlari narxlari sentyabr oyida yil boshiga nisbatan 10 foizga oshganligi;
– AQSh dollari kursining so‘mga nisbatan qiymati joriy yil boshiga nisbatan 8 foizga oshishi.
Ichki bozorda narxlarni oshib ketishini oldini olish maqsadida, aholini neft mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash hamda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni oldini olish bo‘yicha Hukumat tomonidan zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Xususan, yil yakuniga qadar 300 ming tn AI-92 va undan yuqori markali benzin mahsulotlarini markazlashgan tartibda import qilish bo‘yicha shartnomalar tuzilganligi ma’lum qilingan.