Ijtimoiy tarmoq orqali buyurtma qilingan eshiklar o‘lchami xonalarga mos kelmagani, ammo xizmat ko‘rsatuvchi korxona tomonidan muammo bartaraf etilmayotgani xususida Qashqadaryo viloyatidan murojaat qoldirilgan.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan murojaat yuzasida quyidagilar ma’lum qilinadi.
Qo‘mita tomonidan olib borilgan o‘rganishlarda iste’molchi xonadoni uchun eshiklarga “RG-INVEST” MChJga buyurtma berib, pulini ham to‘lagani ma’lum bo‘ldi. Yotoqxona va zal uchun tayyorlab keltirilgan eshiklarning o‘lchami noto‘g‘ri, ya’ni kichikroq bo‘lgan va bu esa uni o‘rnatish uchun yana boshqa qurilish xarajatlarini kelib chiqargan. Jamiyat iste’molchining qilgan shikoyatini o‘z vaqtida hal etmay kelgan.
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunida iste’molchilar quyidagi huquqlarga egaligi belgilangan:
4-moddasida,tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish;
19-moddasida, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shartligi;
21-moddasida, shartnomaning iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan va qonun hujjatlariga zid bo‘lgan talablari haqiqiy emas deb hisoblanadi. Agar ularni qo‘llanishi natijasida iste’molchiga zarar yetkazilgan bo‘lsa, bu zarar ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, ijrochi) tomonidan qoplanishi lozim.
O‘rganish natijasida eshik muammosi ijobiy hal etilib, iste’molchi huquqlari himoya qilindi. “RG-INVEST” MChJ (RASULOV GI eshiklari) tomonidan eshiklar o‘lchami fuqaroning xonadonidagi eshiklarga mos ravishda qayta tayyorlanib, xonadonga o‘rnatib berilishiga erishildi.