Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali obunachi chet el fuqarosi ijaraga olgan yengil avtomobilini qaytargani, ammo depozit uchun qo‘ygan pul mablag‘ini oradan 2 oy vaqt o‘tishiga qaramay, asossiz ravishda qaytarilmaganligi yuzasidan post qoldirgan.
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mazkur murojaatni o‘rganish natijalari bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qiladi.
O‘rganish jarayonida Samarqand shahrida foydalanish uchun xorijlik fuqaro “RENT a CAR” MChJdan yengil avtomobil ijaraga olgani va depozit tariqasida 238 yevro pul mablag‘ini qo‘ygani, sayohatdan so‘ng avtomobil olib borilganida jamiyat tomonidan turli bahonalar bilan garov puli qaytarib berilmagani ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining:
6-moddasiga ko‘ra, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shartligi;
21-moddasiga ko‘ra, sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emasligi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-dekabrdagi 1015-son qarori bilan tasdiqlangan Yengil avtomobillar va mototransport vositalarini qisqa muddatli ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 8-bandida, ijaraga beruvchi tomonidan moddiy e’tirozlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, shartnoma muddati tugagandan so‘ng garov depoziti miqdori ijarachiga qaytarilishi belgilab berilgan.
O‘rganish natijalari iste’molchining haqligini ko‘rsatdi va “RENT a CAR” MChJ tomonidan fuqaro G.M.ning plastik kartasiga garov uchun olingan pul mablag‘i o‘tkazib berilishi ta’minlandi.