Ijtimoiy tarmoqda “Natriya gidrokarbonat dori vositasini 3 oy oldin 4 000 so‘mga xarid qilganligi, hozirgi kunda ushbu dori vositasini 105 000 so‘mdan “MUZAYANA FARM” MChJ tomonidan sotilmoqda” ( https://www.facebook.com/groups/Potrebitel.Uz/posts/7204859109541368) deb nomlangan shikoyat yuzasidan olib borilgan o‘rganishlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
Mazkur masala “MUZAYANA FARM” MChJni jalb etgan holda o‘rganib chiqildi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, haqiqatan ham jamiyat tomonidan bir donasi 20 493 so‘m bo‘lgan “Natriya gidrokarbonat” 40 mg/ml, 200 ml, flak. (Yuriya-Farm OAJ, Ukraina) dori vositasini har birini 105 000 so‘mdan jami 525 000 so‘mga sotilgan, ya’ni belgilangan narxdan yuqori narxda sotilganligi aniqlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining:
6-moddasida, Ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shartligi berib o‘tilgan;
21-moddasida, Sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emasligi belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-sonli qarori bilan tasdiqlangan Chakana savdo qoidalarining 189-bandiga muvofiq, narxlarni asossiz ravishda oshirish savdo qoidalari buzilishi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining:
164-moddasi birinchi qismiga muvofiq, savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilangan;
271-moddasi o‘n birinchi qismiga muvofiq, ushbu Kodeks 164-moddasi birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan tadbirkorlik subyektining mansabdor shaxslari yoki xodimlari yoxud tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar yo‘l qo‘yilgan buzilishlarni huquqbuzarlik aniqlangan paytdan e’tiboran o‘ttiz kunlik muddatda ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan va (yoki) yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplagan bo‘lsa boshlangan ish esa tugatilishi lozimligi bundan fuqarolarning hayoti va (yoki) sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan hollar mustasno ekanligi belgilangan.
Qo‘mita tomonidan olib borilgan o‘rganishlarda “MUZAYANA FARM” MChJ sotuvchisi narxlarni kiritishda xatolikka yo‘l qo‘ygan va asossiz olingan ortiqcha mablag‘ni qaytarishga tayyor ekanligi ma’lum bo‘ldi. Mazkur MChJning ortiqcha olingan 422 535 so‘m pul mablag‘ni qaytarish maqsadida iste’molchiga ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali qilgan murojaatlariga qayta javob bo‘lmagan. Ma’lumot o‘rnida shuni aytib o‘tish joizki, muammo ijobiy hal etildi va iste’molchi G.Norqulova o‘ziga qulay bo‘lgan vaqtda kelib “MUZAYANA FARM” MChJdan pul mablag‘larni olib ketishi mumkin.