Ijtimoiy tarmoqda joylashtirilgan “Zood Uzbekistandan mahsulot olishni maslahat bermayman. Umuman hechnimani hal qilisha olishmas ekan, “brak” mahsulotni yechimini dushanbadan buyon hal qila olishmaydi…” material yuzasidan olib borilgan o‘rganishlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 13-moddasida nuqsonli tovar sotilganda iste’molchi, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib o‘tilmagan bo‘lsa, o‘z xohishiga qarab quyidagilardan birini talab qilishga haqli:
tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berish;
tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib, uning xarid narxini tegishincha qayta hisob-kitob qilish;
tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki iste’molchining yoxud uchinchi shaxsning nuqsonlarni bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplash;
xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirish;
shartnomani bekor qilib, ko‘rilgan zararni qoplash.
O‘rganish natijalari ko‘ra haqiqatan ham joriy yilning 9-avgust kuni “ZoodPay&ZaadMall” ilovasi orqali sotib olingan simsiz Apple Airpods 3 quloqchin nuqsonli ekanligini ko‘rsatdi. Qo‘mita tomonidan mazkur tovar uchun to‘lov qilingan 2 050 300 so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari to‘laqonli ravishda qaytarib berilishi ta’minlandi.