https://platina.uz ijtimoiy tarmog‘i orqali “Yoshlar parlamenti raisining firmasi bir kunda qariyb 2,5 mlrd.so‘mlik tenderlarni qo‘lga kiritdi” sarlavhasi ostida 26.06.2023-yilda chop etilgan tanqidiy maqola yuzasidan
Rasmiy munosabat
https://platina.uz ijtimoiy tarmog‘i orqali “Yoshlar parlamenti raisining firmasi bir kunda qariyb 2,5 mlrd.so‘mlik tenderlarni qo‘lga kiritdi” sarlavhasi ostida 26.06.2023-yilda chop etilgan tanqidiy maqola yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining tegishli hududiy boshqarmasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish jarayonida Olmazor tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan 5 ta tanlov savdolarini o‘tkazishda savdolar o‘tkazishning qonunchilikda belgilangan tartibini buzish va savdolarning bitta yoki bir nechta ishtirokchisiga savdolarda qatnashish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berish alomatlari aniqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunda tanlov (tender) savdolarini o‘tkazishda raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar taqiqlanadi.
Xususan, etender.uzex.uz maxsus axborot portali orqali 2023-yil 11-iyulda 278708-sonli lot hamda 2023-yil 18-iyulda 281580, 281581, 281582 va 81583-sonli lot raqamlari bilan eng yaxshi takliflarni tanlash savdolari tashkil etilgan. Unda O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 14-moddasi birinchi qismi, ikkinchi va oltinchi xatboshisi talablari buzilgan. Mazkur holat yuzasidan, hududiy boshqarma Olmazor tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 12-oktabrdagi 225-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Raqobat, tabiiy monopoliyalar, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ish qo‘zg‘atish va ularni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan 2023-yil 07-avgustda 02/67-sonli ish qo‘zg‘atildi.