O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan Ommaviy axborot vositalarida “Nazorat yo‘q, alohida vakolatli organ yetishmaydi, Raqobatsiz savdolar va ortiqcha garov puli – davlat xaridlari tizimini islohotga muhtoj(mi?)” mavzusida chop etilgan maqola yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi:
Raqobat qo‘mitasi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 75-moddasiga asosan o‘z vakolati doirasida, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda hamda jismoniy va yurdik shaxslarning murojaatlariga asosan respublikada o‘tkazilib kelinayotgan davlat xaridlarini doimiy monitoringini olib bormoqda.
Jumladan: 2022-yil yakuni bo‘yicha davlat va korporativ buyurtmachilar tomonidan o‘tkazilgan 31 926 ta tanlov (tender) savdolarida tahlil ishlari olib borildi. Tahlil natijasida davlat va korporativ buyurtmachilar tomonidan 6 201 ta savdolar jarayonida 8 698 ta Raqobatga zid holatlar aniqlangan bo‘lib, aniqlangan holatlar yuzasidan vakolatli organ va idoralarga ma’lumotlar taqdim etilgan.
Shu bilan birga, qo‘mita tomonidan joriy yilning birinchi choragida o‘rganilgan xaridlar soni jami 18 131 ta bo‘lib o‘rganish yakuniga ko‘ra o‘tkazilgan 10 632 ta tanlov va tender savdolarida Raqobatga zid holatlar aniqlandi.
Shulardan ko‘rilgan jami ta’sir choralari:
aniqlangan 95 ta holat bo‘yicha buyurtmachilar tomonidan ixtiyoriy bartaraf etish choralari ko‘rilgan;
aniqlangan 9 771 ta holat bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga hamda hisob palatasiga chora ko‘rish uchun ma’lumotlar taqdim etilgan;
Raqobat qo‘mitasi va hududiy boshqarmalari tomonidan aniqlangan 766 ta holatga ta’sir choralari ko‘rilgan.
Raqobat qo‘mitasining soha mutaxassislari 2023-yil 10-mayda “O‘zbekiston” teleradiokanalining “Munosabat” tok-shousida “Davlat xaridlarini amalga oshirishning ochiq va shaffof mexanizmi” mavzusida Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Statistika agentligi, davlat xaridlari ishtirokchilari uyushmasi, tadbirkorlik subyektlari va jamoatchilik vakillari bilan birgalikda hozirgi kunda sohada kuzatilayotgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish chora va mexanizmlari muhokama qilingan.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2021-yilda davlat xaridlari sohasida korrupsiya va davlat xaridlari qonun va qaror nizomlari buzilishini oldini olish va ularga qarshi kurashish maqsadida Davlat xaridlari ishtirokchilari uyushmasi bilan memorandum imzolangan bo‘lib, hozirgi kunga qadar qo‘mita va uyushma doimiy hamkorlikda ish olib bormoqda.
Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan doimiy ravishda davlat xaridlari monitoringida aniqlanayotgan qonunbuzarliklar hamda sohani yanada isloh qilish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarga o‘z takliflarini berib kelmoqda.